O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Kasaba uyushmalari yoshlari – yangi O‘zbekiston bunyodkori” respublika yoshlar forumining o‘z ishini Toshkent viloyati Nurafshon shahrida davom ettirmoqda.
Forum doirasidagi tadbirlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mas’ullari, Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kasaba uyushmalari kengashlari raislari, mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan jami 182 nafar yosh ishtirokchi qatnashmoqda.

Dastlab forum ishtirokchilarini tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi S.Fayziyeva, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari O.Sultonbekov, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i N.Xojiyev barcha ishtirokchilarga o‘z tilaklarini bildirdi.

Shundan so‘ng Yoshlar markazida “Kasaba uyushmalari yoshlar harakati yetakchilari”, “Tasviriy san’at va dizayn”, “Ijtimoiy yetakchilik”, “Dizayn va arxitektura”, “Sog‘lom turmush tarzi va farovon hayot”, “Foto va video ijod”, “Adabiyot va she’riyat” kabi jami 13 ta yo‘nalishlarda guruhlarga bo‘linib, o‘z g‘oyalari va ishlanmalari aks etgan taqdimotlarini o‘tkazdi.

– Yoshlarning ushbu anjumani mamlakatimizning turli nuqtalarida yashab, ijod qilayotgan tengdoshlarimiz bilan tanishish va muloqot qilish, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini yaratib bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi, – deydi forum ishtirokchisi, “Mash’al” gazetasi bosh muharriri Otabek Isroilov. – Bu kabi forumlar ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun xizmat qilmoqda. Forumdagi ishtirokimiz yuzasidan “Avlodlar almashinuvida adabiyotning o‘rni: yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashda mavjud imkoniyatlar va kelgusi rejalar” mavzusida taqdimot tayyorladik. Unda jamiyatimiz taraqqiyoti uchun o‘z taklif va tashabbuslarimiz ilgari surilgan. Mas’ullar tomonidan bular iliq qarshi olindi. Ular tomonidan bizga qo‘shimcha maslahatlar ham berildi.

– Bu forum mamlakatimizdagi ko‘plab faol yoshlarni birlashtirgani bilan ahamiyatlidir, – deydi forum ishtirokchisi, Termiz ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘qituvchisi Otamurod Qilichev. – Men musiqa va qo‘shiqchilik yo‘nalishida qatnashayotganim uchun poytaxtimizdagi ko‘plab san’at mutaxassislari bilan suhbatlashdim. O‘z taqdimotimizda elimiz tanigan mashhur san’atkorlar, ziyolilarni turli jabhalardagi mehnat jamoalari bilan uchrashuvlari borasida o‘z takliflarimizni bayon qildik. Bu orqali mehnatkashlarni san’at va musiqaga yaqinlashtirish, madaniy xordiq chiqarishiga ko‘maklashish imkoni yaratiladi. Bu esa ularning ish faoliyatida unumdorlikni oshirishga ham xizmat qiladi.


Tashkilotchilar tomonidan barcha faol ishtirokchilarga ilg‘or g‘oya va tashabbuslar uchun sertifikatlar topshirildi.
A.Musayev, O‘zA.