Kasaba uyushmalari kuni munosib nishonlandi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahrida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat kengashi, boshqarma, muassasalar rahbarlari, hamkor tashkilotlar, uyushma xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyati hokimi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Surxondaryo viloyat kengashi raisi Abdukarim Ahmedov so‘z olib, barchani bayram bilan tabrikladi. Bugun kasaba uyushmalari bundan besh yil oldingi mehnatkashlar tashkilotidan umumxalq tashkilotiga aylanib borayotgani xususida so‘z yuritib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda tashabbuskorlik namunasini ko‘rsatayotganini qayd etdi.
Ayni paytda viloyat kasaba uyushmalari o‘z safida 340 mingdan ziyod a’zoni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashga yaqindan ko‘maklashmoqda.
[gallery-14469]
Xususan, viloyatda so‘nggi yillarda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, salomatligini mustahkamlash uchun “Amudaryo” sog‘lomlashtirish markazi, “Termiz marvaridi”, “Xo‘jaipok” sanatoriylari qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu yilning sentyabr oyida 200 o‘rinli yana bir dam olish maskani – “Sangardak” sanatoriysi ezgu maqsad yo‘lida ish boshladi. Shu bilan viloyatda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylar soni 4 taga yetdi. Bundan yetti yil oldin birorta sanatoriysi bo‘lmagan Surxondaryo bu jixatdan respublikada Toshkent viloyatidan keyingi ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Ularda yiliga 30 ming nafar aholi dam olib, sog‘lig‘ini tiklash imkoniyati yaratildi.
Tizimdagi yana bir e’tirofga sazovor voqea, Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi jamoa shartnomasi” ko‘rik-tanlovida “Termiz daryo porti” MCHJ boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti g‘olib, deb topildi.
Bayram tadbirida Kasaba uyushmalari federatsiyasi e’lon qilgan “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng yaxshi ayol ish beruvchi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” singari tanlovlar g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zA fotomuxbiri Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar