Kasaba uyushma a’zolari yurish marafonida
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi tomonidan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hamda 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik” doirasida yurish marafoni o‘tkazildi.
Marafon Navoiy shahridagi “Nuroniylar maskani”dan boshlanib, “Yoshlik ko‘li” atrofida 5000 metr masofada o‘tkazildi.

– Bugungi kunda holsizlik, uyquchanlik, uyquning buzilishi, diqqat-e’tiborni jamlashning sekinlashishi, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik kabi belgilar ko‘pchilikda uchraydi, – deydi Federatsiyaning viloyat Kengashi mas’ul xodimi Norimxol Nurmonova. –Lekin kamdan-kam odamlar bu holatlarni kamharakatlilik bilan bog‘laydi. Yurish esa barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayi hisoblanadi. Buning uchun juda ko‘p energiya sarflashning hojati yo‘q. Ijobiy ta’siri esa juda yuqori. Yurish organizmning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak to‘qimasini mustahkamlaydi. Sog‘lom insongina jismonan mustaqil bo‘ladi, o‘z maqsadi sari dadil va erkin harakat qila oladi. Buning uchun esa sog‘lom turmush tarziga amal qilish lozim.
Marafonda viloyat Kengashining barcha xodimlari, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan 1000 nafarga yaqin kasaba uyushmasi a’zosi faol ishtirok etishdi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri