O‘zMU—105 yoshda!
Qiziquvchan talabalar mendan “Jurnalistikaga qiziqishingizga nima sabab bo‘lgan?”, deb so‘rashadi. – “Devoriy gazeta”dan, deb javob beraman. Maktabda adabiyot o‘qituvchilari har hafta biror voqea tafsiloti haqida bayon yozdirishar, yaxshi chiqqanlari sinfimizning bir qulochlik devoriy gazetasida e’lon qilinardi. Bir-ikkita xabarim tuman gazetasida bosilgach, bo‘lajak kasbim aniq bo‘lgan.
Harbiy xizmatni “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromida o‘taganman. Uch yilu uch oy. Bortida kosmonavtlari bo‘lgan raketalarning guldurak ovozda fazoga yo‘l olgani hamon ko‘z oldimda turadi. Shu yerda kosmos mavzusidagi maqolalari bilan mashhur jurnalist Yaroslav Golovanov bilan tanishib, uning kasbimizga doir mushohadalarini tinglaganman. Harbiy xizmat davomida Toshkentda chop etiladigan yoshlar gazetasiga xat-xabar, mitti hikoyalar yo‘llab turdim. Xizmatdan qaytgach, 1969 yili o‘zim orzu qilgan Toshkent Davlat universiteti deb ataladigan, bugun o‘zining 105 yillik to‘yini nishonlayotgan Milliy universitetning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim.
To‘g‘on Ernazarov, G‘aybulla Salomov, Ochil Tog‘ayev, Saydi Umirov, Botirxon Akramov, Tohir Pidayev, Sayyora Nizomiddinova, Olga Alyakrinskaya, Vohid Abdullayev, Boybo‘ta Do‘stqorayev kabi talabchan o‘qituvchilardan saboq oldim. U paytlari bir soat dars qoldirish yoki bir kun o‘qishga kelmaslik jiddiy voqea edi. Mahoratli ustozlarning ma’ruzalarini jon-dilimiz bilan tinglardik. Botirxon Akramov bizni hazrat Alisher Navoiy olamiga olib kirgan, G‘aybulla domla badiiy tarjima sirlarini o‘rgatgan, Boybo‘ta Do‘stqorayev darsda emas (Buning sira iloji yo‘q edi u paytlari) Mirzacho‘lda paxta terayotganimizda, oqshomlari past ovozda (Ayrim rahbarlar eshitib qolmasligi uchun) Cho‘lpon she’rlaridan o‘qib berardi.
Har yili, yangi o‘quv yili boshlanib, darslar endi-endi qiziy boshlagan, tanlagan kasbimiz haqidagi tasavvurimiz tiniqlashayotganda, yuqoridan buyruq kelib, turnaqator avtobuslarda Mirzacho‘lga – paxta terimiga otlanardik. Besh yil – o‘qish tugaguncha shunday bo‘ldi. U paytlari paxta siyosati o‘qish siyosatidan ustun edi. Ustozlar shunday sharoitda ham bizlarni xabar, maqola yozishga, qalamimizni charxlashga undashardi. Gazetalardan birida, masalan, o‘sha yillari mashhur bo‘lgan “Toshkent oqshomi”da kichik bir axboroti chiqqan talaba bir-ikki kun qahramonga aylanardi.
Talabalik yillarimni eslar ekanman, ko‘z o‘ngimda juda ko‘p voqealar jonlanadi. KPSS tarixi, dialektika tarixiy materializm, siyosiy iqtisod kabi fanlar dars jadvalining asosini tashkil qilardi. Matbuot xalqning fikri emas, “partiyaning nishonni bexato uruvchi (Xrushchev) quroli” edi. Gazetada e’lon qilingan maqola, u to‘g‘ri bo‘ladimi, qasddan to‘qilgan aybnomami, bundan qat’i nazar, haqiqatga mengzalardi. Gazetalarga odamlarning taqdirini hal qilish, ular ustidan hukm o‘qish maqomi berilgandi. O‘ta hissiyot bilan yozilgan feletonlar sud hukmiga ham o‘xshab ketardi. Gazetada feleton chiqsa, “Falon gazeta falonchini urib chiqibdi, falonchi urilibdi”, degan gap chiqardi.
Bugun butunlay boshqacha manzara. Jurnalistika fakultetida o‘quv jarayoni ijodkorlik, emin-erkin fikr yuritish ruhi bilan uyg‘un. Talabalarga fanlarni tanlash, tahririyatlar bilan hamkorlik qilish, amaliyot o‘tash, tanlovlarda qatnashish, o‘qish samaradorligini oshirish bilan bog‘liq takliflar kiritish huquqi berilgan. Bundan boshqa imkoniyatlar ham mavjud. Talabalar orasida birinchi kitoblari chop etilgan, davlatimiz rahbari stipendiyasiga, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlar oz emas. Biz yoshlarga milliy jurnalistika tarixi bilan birga, ularni ustoz maqomida bag‘riga olgan qadrdon dorilfununning bir asrlik tarixi, yuksalish yillari, yaqin-kelgusiga doir rejalari haqida ham so‘zlab beramiz.
Universitetga turli yillarda ilm-fan sohasida dunyo e’tirof etgan yutuqlarga erishgan Sa’di Sirojiddinov, Toshmuhammad Sarimsoqov, To‘rabek Dolimov kabi alloma olimlar rahbarlik qilishgani, Oybek, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev, O‘zbekiston Qahramonlari Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov shu qutlug‘ maskanda ta’lim olishgani, bu yerda matematika, ximiya, fizika, biologiya sohalarida noyob ilmiy maktablar shakllanganini faxr bilan tilga olamiz.
O‘rta Osiyo Davlat universiteti deb nomlangan yillari bu maskanda qo‘shni respublikalarning iste’dodli yoshlari ham tahsil olishgan, keyinchalik ular orasidan Muxtor Auezov, Aali To‘qonboyev, Qosim Tinistanov, Mirzo Tursunzoda, Sotim Ulug‘zoda, Xidir Deryayev kabi qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman adabiyotining ulug‘ darg‘alari yetishib chiqdi, bu avlod o‘zbek adiblari G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Zulfiya, Turob To‘la, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Nosir Fozilov bilan do‘st-qadrdon bo‘lib, xalqimizga bo‘lgan mehr-muhabbatlarini umrlarining oxirigacha saqlab keldilar. Turkiy dunyo qayta birlashayotgan bugungi kunda bu noyob tajribadan foydalanish zarurligini sezmaslik mumkin emas.

O‘zbekiston milliy universiteti mamlakatimizdagi yirik oliy o‘quv yurti, ilmiy tekshirish markazi, milliy kadrlar tayyorlash o‘chog‘i, O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda tashkil etilgan birinchi oliy o‘quv yurti hisoblanadi.
Faoliyatini 1918 yil Turkiston xalq universiteti sifatida Toshkent shahrida boshlagan. 1920 yili Turkiston Davlat universiteti, 1923 yili O‘rta Osiyo Davlat universiteti (SAGU), 1960 yili Toshkent Davlat universiteti (ToshDU) nomini olgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 yanvarda imzolangan Farmoniga binoan Milliy universitet maqomiga ega. 1995 yildan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomi bilan ataladi. Bugun bu yerda 33 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Universitetning xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalari yildan yilga kengayib borayotir. O‘quv jarayonini ishlab chiqarish amaliyoti bilan bevosita bog‘lash, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish, kasb malakasini oshirish, dunyoda e’tirof etilgan yangi ilmiy-pedagogik usullar, zamonaviy texnologik vositalardan unumli foydalanish borasida samarali ishlar qilinmoqda.
Yangi o‘quv binolari, talabalar uchun yotoq-joy qurish rejalashtirilayotir. Jurnalistika fakultetida Chingiz Aytmatov hayoti va ijodini o‘rganishga doir doimiy ekspozitsiya, filologiya fakultetida O‘zbekistonning ijodkor qahramonlariga bag‘ishlangan ko‘rgazma ishlab turibdi. O‘qishning yuqori bosqichiga o‘tgan, bosma nashrlar, radio va televideniyeda samarali hamkorlik qilayotgan talabalarga ma’lum imtiyoz berish yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga binoan, individual ta’lim trayektoriyalariga asoslangan, talabalarda tanqidiy va ijodiy fikrlash, tahlil qilish, qiyoslash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv rejalari ishlab chiqish, mustaqil ta’lim soatlari ulushini oshirish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish, talabalar bilimini baholash tizimini yanada takomillashtirish, bu jarayonning xolisligini ta’minlash, jumladan baholashning talabalar bilan bevosita aloqasiz shakllarini rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Fanlarni o‘zlashtirishda talabalar orasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish mexanizmlari ishlab chiqilayotir.
Inkor etib bo‘lmaydigan bir haqiqat bor: yurtimizdan chiqqan, ilmiy kashfiyot va amaliy natijalari fan olamida yulduz yanglig‘ hamon chaqnab turgan jamiki allomalar boshlang‘ich ta’limni oilada ota-onadan, so‘ng madrasalarda ustoz-murabbiylardan olishgan. Alisher Navoiy bobomizga, Ibn Sino, Beruniy, Buxoriy, Zamaxshariyga fidoyi ustozlar saboq berishgan. Demakki, qadim madrasalarning vujudimizga “eski, yaroqsiz” deb singdirilgan, qattol tuzumning zug‘umi bilan unut bo‘lib ketgan ta’lim uslubida e’tiborga molik jihatlar bo‘lganki, yosh talabalar idrok va tafakkurda mislsiz natijalarga erishishgan, ilmiy nigohlari oy-yulduzlargacha yetib borgan.
Achinarlisi shundaki, dunyo Movarounnahrda keng yo‘lga qo‘yilgan madrasa ilmi usullarini chuqur o‘rgangani va undan hamon foydalanib kelayotgani holda, biz bu noyob merosning yuziga qora chaplab yuraverganmiz. Faqat shu emas, keyin-keyin milliy ta’limda to‘g‘ri talaffuz, ravon nutq, ifodali o‘qish, fikrni qisqa va erkin bayon qilish, xotirani mustahkamlashga doir xalqona pedagogik usullar ham birin-ketin barham topdi. Darslarning saviyasi, o‘qituvchining obro‘-e’tibori keskin tushib ketdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim tizimini tubdan yaxshilash, ta’lim saviyasini bugungi ilg‘or dunyoviy tajribalar darajasiga yetkazish, alloma ajdodlarimizdan qolgan ilmiy-ma’naviy meros asosida yangilash vazifasini oldimizga muhim vazifa sifatida qo‘ydi. Demak, bu ishga jiddiy kirishmoq zarur. Shu o‘rinda qadim madrasalarda qanday fanlar o‘qitilgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu mavzuda ancha yillardan beri jiddiy ilmiy kuzatuvlar olib borayotgan olima Mahkamoy Tursunovaning ma’lumotlariga ko‘ra, madrasalarda tahlil, sharh, tavsif, mantiq, munozara yuritish, qiroat va talaffuz mahorati, so‘z va iboralarni o‘rinli qo‘llash, kam so‘z bilan keng ma’noni aniq va ta’sirchan ifodalash, yozuv savodxonligi, hozirjavoblik, zukkolik, naqliy masalani aqliy idrok etish, dalillash, isbot qilish bilan bevosita bog‘liq fanlar o‘qitilgan.
Ko‘rinib turibdiki, bu fanlarni bugun o‘rta maktablarning yuqori sinflarida, yangidan tashkil etilgan ijod maktablarida va, eng muhimi, Oliy ta’limning tegishli yo‘nalishlarida, masalan, Milliy universitetning jurnalistika va filologiya fakultetlarida asosiy fan, tanlov predmetlari sifatida o‘qitish zarur, deb hisoblaymiz. Gap shundaki, bugun milliy adabiyotimizda, matbuotimizda deputatlarimiz, vazirlar, o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbarlari, targ‘ibotchi voizlarning nutqlarida, turli darajadagi hujjat va yozishmalarda ayni shu fanlar orqali bartaraf etish mumkin bo‘lgan nuqsonlar aniq-ravshan ko‘rinib turibdi.
Yashirishdan nima hojat: tilimiz dag‘allashib bormoqda, so‘z va iboralarni noto‘g‘ri, o‘rinsiz qo‘llash, fikrni cho‘zgandan-cho‘zib aytish, urg‘uni xato qo‘yish, kam so‘z ishlatib, keng ma’noni ifodalay olmaslikka odatlanib bormoqdamiz. Bahs madaniyatimiz oqsaganicha turibdi. Dalillash, isbotlash mahoratimiz sust. Telereklama yoshlarni har qanday xorijiy tilni ikki-uch oy ichida o‘rganish mumkinligiga ishontirish harakatida. Bizning til sohasidagi eng katta kamchiligimiz – grammatikani yaxshi bilmasligimiz-ku, axir. O‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijliklar: “Bizga so‘zlarni yodlatmang, grammatika qoidalarini o‘rgating”, deyishadi. Nahotki shuni ham bilmasak?
Dunyoning dunyoligi shundaki, garchi u omonat va o‘zgaruvchan bo‘lsa-da (Aziziddin Nasafiy), muntazam harakat va aylanishdan to‘xtamaydi. Tarix ham shunday – voqea-hodisalar qanday sodir etilgan bo‘lsa, shunday qoladi, ammo u ham dunyo kabi aylanadi, goho mohiyatidan uzoqlashadi va... yana asliga qaytadi. Bugun yoshlarimiz xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilm dargohlarida tahsil olmoqdalar. Ilmga chanqoqlikda, iste’dodda g‘arblik tengdoshlaridan kam emasliklarini namoyon etmoqdalar. Bir vaqtlar bunday yoshlar g‘arbdan sharqqa qarab intilishgan, marhamatli diyorimizda kamolga yetishgan edi. Toshkent, Samarqand, Buxorodagi ilm maskanlarida ta’lim olish, O‘zbekiston misolida donishmand Sharq tamaddunidan bahramand bo‘lish g‘arbliklar uchun yana orzuga aylanishidan umidvormiz. Buning uchun bugun mamlakatimizning ko‘plab yetakchi universitetlarida, jumladan, O‘zbekiston Milliy universitetida barcha sharoitlar bor.
Mamlakatimiz ilm-fanining karvonboshisi tashkil etilganining 105 yilligi bilan shu qutlug‘ dargohda sidqidildan mehnat qilayotgan barcha ustozlarni, sobiq talabalarni, bugun zo‘r ishtiyoq, ishonch va umid bilan zamonaviy auditoriyalarda saboq olayotgan yoshlarni samimiy tabriklayman.Ishonchim komilki, talabalik davri juda ko‘plar uchun jo‘shqin yoshlikning sururli, g‘ururli, orzu-havasga to‘la takrorlanmas yillari bo‘lib qolgan. Hammamiz shu yerdan katta hayotga, ijod olamiga uchirma bo‘lganmiz. Tanlagan kasbimizda qanday yutuqlarga erishgan, el-yurtda hurmat-e’tibor qozonib, ortimizdan kelayotgan yoshlarga ustoz bo‘lishdek sharafli maqomga ega bo‘lgan bo‘lsak, buning uchun eng avvalo bizga shu dargohda saboq bergan muhtaram domlalarimidan cheksiz minnatdormiz, ularning xotirasi oldida hamisha ta’zimdamiz.
Milliy universitet o‘zining ikkinchi yuz yilligiga xalqaro nufuzi oshgan, imkoniyatlari kengaygan, ilmiy salohiyati havasli darajaga ko‘tarilgan holda qadam qo‘ydi. Bu yo‘l yanada yorug‘ va qutli bo‘lsin!
Ahmadjon Meliboyev,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
O‘zA