Bugun bozorlarimizni aylanar ekanmiz kartoshkaning xili va turiga qarab ushbu mahsulot arzonlashtirilgan rastalarda ro‘zg‘orboplari 3.5-4 ming so‘mgacha, sifati va ko‘rinishi jihatdan bozorboplari 8-12 ming so‘mgacha sotilayotganining guvohi bo‘ldik. Asosan chetdan kirib kelayotgan, saralangan va mahalliy elita navlari yuqori baholarda xaridorlarga taklif etilmoqda.
Mamlakatimiz aholisining kartoshkaga bo‘lgan yillik talabi esa o‘rtacha 4 million tonnani tashkil etadi. O‘tgan 2024 yilda yurtimizda jami 3.7 million tonna, shundan asosiy maydonda 2.7 million tonna va takroriy ekin sifatida 1 million tonna kartoshka yetishtirilgan. Mazkur hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan. Talabning qolgan qismi asosan xorijdan keltiriladigan import hisobiga qoplanmoqda.
Mahalliy sharoitda yaratilgan urug‘lik bozorlarimizda 9-10 ming so‘mdan taklif etilayotgan bo‘lsa, xorijdan keltiriladigan urug‘lar dehqonlarimizga 5-6 barobar qimmatga tushmoqda. Hosilning mo‘l bo‘lishi esa birinchi navbatda sifatli urug‘likka bevosita bog‘liqdir.
Bu borada keyingi yillarda qilinayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyatida joylashgan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘ldik. Bu yerda «in-vitro» usulida kartoshka urug‘chiligi yo‘lga qo‘yilgan. Institut laboratoriyasida asosiy e’tibor hududlarga mos sifatli nav tanlash, kasalliklarga chidamli o‘simlik urug‘larini ko‘paytirish va katta maydonlarga yetkazib berish, mahsulot tannarxining arzon qilishga qaratilgan.
- Bilamiz kartoshka yurtimizda asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlaridan biri hisoblanadi va talab yuqori bo‘lgan sabzavot ekinlaridan, - deydi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kotibi Faxriddin Rasulov. – Yildan yilga kengayib borayotgan kartoshka maydonlarini sifatli kartoshka urug‘ligi bilan ta’minlashda aynan mana shu laboratoriyamiz misolida «in-vitro» usulida urug‘chilikni tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Sababi kartoshka urug‘chiligining boshlang‘ich manbaalari aynan mana shu yerdan boshlanadi.
Kartoshkachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan dehqonga ham oson emas. Avvalo sifatli urug‘lik kartoshka sotib olish va agrotexnik tadbirlar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, mexanizatsiya xizmatlari va ishchi kuchi masalasini hal etishi kerak. Ularning narxi esa doimiy ravishda o‘zgarmoqda, lekin ko‘p yillardan buyon kartoshka narxi deyarli o‘zgarmagan edi. Bugungi hisob-kitoblarga ko‘ra o‘rtacha 1 gektar maydonda kartoshka yetishtirish 55-60 million so‘mga tushadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/w3l7GgtpJJM?si=Bz5Hz3RKBCBmH5yK" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Joriy yil hosili uchun fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 122 ming gektar maydonga kartoshka ekish belgilangan. Shu o‘rinda ko‘zlangan maqsadga erishish uchun eng avvalo ilm-fan namoyondalari bilan yaqin hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Zero, bugun soha oldida muhim vazifa turibdi. Xorijdan keltirilayotgan mahsulotlar o‘rniga mahalliy serhosil navlarni ko‘paytirish va bozorlarimizda narxlarning barqarorligini saqlab qolish. Chunki, bu mahsulot ham xalqimiz uchun nondek aziz va kelgusida g‘alla mustaqilligiga erishganimizdek, kartoshka mustaqilligiga erishishimizni davrning o‘zi talab qilmoqda.
Darvoqe, 2025 yilning aprel oyida birgina Surxondaryo viloyatidan 211 ming tonna hosil yetishtirilib, ichki bozorlarga chiqariladi. Respublikaning qolgan hududlaridan may oyidan boshlab kartoshka hosili yig‘ishtiriladi va rastalarimizda ko‘rinish beradi. Demak, arzonchilik kunlari yaqin.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA