Kartoshkachilik: sara urug‘ mo‘l hosil garovi
Buxoro viloyatida ertangi kartoshka, sabzi va boshqa sabzavot mahsulotlarini ekish ishlari avjida.
Yer tayyorlash va urug‘lik nav tanlash barobarida o‘g‘itlash, sug‘orish, parvarish qilish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi biologik ishlov berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Bahor mavsumida viloyatda umumiy maydoni 5 ming gektarda Hindiston va Pokistondan keltirilgan sara navli kartoshka ekish ishlari boshlangan, – deydi viloyat hokimligi Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Askar Javodov. – Bu jarayonda ta’minotchi bo‘lgan 10 ta agroklaster korxonasi tomonidan 12 ming 500 kilogramm kartoshka urug‘ligi joylardagi fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga tarqatilgan. Shu kunga qadar viloyat tumanlarida kartoshka ekilgan maydon 3 ming 479 gektarni tashkil qilmoqda. Bunda qolayotgan 2 ming 718 gektar yerda ham yaqin kunlarda kartoshka ekish ishlarini kechiktirmasdan amalga oshirish uchun bor kuch va mexanizm jalb qilingan.

Kartoshka yetishtirishda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Bahor Chenj Tekstile”, “WBM Romitex”, “Bukhara Agrocluster”, “Agrocluster R–Tex Qorako’l”, “Mergantex”, “Qorako’l Kumush kalava”, “Ark Eco textile cluster”, “BCT Agrocluster”, “Bukhara Zarhal Teks”, “Parvoz Xumo Ravnaq Trans” agroklasterlari biriktirilgan tumanlarda 1 ming 250 tonna, Shofirkon tumanida ming, Qorovulbozor tumanida 500, Kogon va Qorako‘l tumanlarida 1 ming 125 tonnadan urug‘lik kartoshka jamg‘arilib, yer maydoni zarur mineral o‘g‘it bilan to‘yintirilgani holda ekish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Jondor, Vobkent, Buxoro, Peshku, Romitan, G‘ijduvon tumanlari har birida 500 gektar, Qorako‘l va Kogon tumanlarida 450, Shofirkon va Olot tumanlarida 400 gektar maydonda el dasturxoni uchun kartoshka yetishtiriladi. Hozirda har kuniga 120 gektarga yaqin konturda kartoshka ekilmoqda.
Qorovulbozor tumanida “ARK EKO TEKSTILE SLUSTER“ MCHJ da 5 gektar yerda serhosil “Fanti” va “Gala” navlaridan 15 tonna urug‘lik kartoshkani ko‘rgazmali ekish agrotexnik tadbiri tashkil etildi. Afzallik jihati shundaki, uch oyda tayyor bo‘ladigan bu kartoshkadan gektariga 35 tonna atrofida hosil olish mumkin. Ekishda qatnashgan “John Dierre - 6175 M” rusumli yuqori unumli zamonaviy traktor va unga tirkalgan hozirda noyob “Agrionale” innovatsion minitexnologiya-ekishgichi bilan bir kecha kunduzda 70 gektar yerda kartoshka qadash mumkin.

– Qorako‘l tumani, “Tashabbus” MFY da 3 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, aholi tomorqa yeri 115 gektardan oshadi, – deydi hokimning mahalladagi yordamchisi Nodir Javharov. – Viloyatda peshqadamlar qatorida hududdagi ellikdan ortiq xonadonda ertangi kartoshka, sabzi va boshqa mahsulot ekib, parvarishlanmoqda. Buxoro shahri, Jondor, Olot tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari, qolaversa, issiqxona faoliyati rivojlanib borayotgan Peshku tumanidagi xo‘jaliklarda ham 0,5 gektardan 1,5 gektargacha yerda kartoshka yetishtirish agrotexnik tadbirlari tizimli olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA