Ziyorat turizmi

Qashqadaryo vohasi aziz avliyolar makon qilgan manzillarga boy. Bu gal viloyatning Kitob tumani Hazrati Bashir qishlog‘ida joylashgan  ota haqida hikoya qilmoqchimiz.  

Ham ziyorat, ham sayohat deganlaridik, fotomuxbir bilan tong qorong‘usida yo‘lga otlandik. Ziyoratgohga yetib borganimizda quyosh tog‘lar ortidan endi ko‘tarila boshlagandi. Atrofda daryo suvining shovullashidan boshqa ovoz eshitilmaydi. Ulug‘ manzillarga borganda his qilganim ajib sukunat bu yerda ham hukmron. Mavjlanib oqayotgan bu daryo Qashqadaryo daryosining boshlanish nuqtalaridan biri. Aytishlaricha, daryoning shu qismiga kelganda unga Qashqa nisbati berilib, Qashqadaryo nomi hosil bo‘lgan ekan. Albatta, buning sababi bor. Ziyoratgoh oldidagi azim chinorlar ostidan chiqayotgan Qorabuloq suvi daryoga qo‘shilarkan, sokin suvlar yuzasidagi oq mavjlar go‘yoki daryoning qashqasini eslatgandek tasavvur qoldiradi kishida.  

Endi Hazrati Beshir ota shaxsiyatiga to‘xtalsak. Bu ulug‘ zot XIV–XV asrlarda yashagan ulug‘ valiy, karomat sohib zotlardan biridir.  

[gallery-21954]

Uning asl ismi Sulton Said Ahmad, kunyasi – shayx Buzrukvor Hazrat Beshirdir. Bu ulug‘ zotning hayoti, faoliyati haqida “Mir haqiqat” nomli qo‘lyozma topilib, u arab yozuvi, fors tilida yozilgan. Uni tarixchi olim Ahmad Choriyev nashrga tayyorlagan.

Qo‘lyozmada aytilishicha, Hazrat Beshir ota 1368 yili tavallud topgan. Bu paytda otasi Shayx Hasan to‘qson yoshda, onasi Bibi Malohat sakson yoshda bo‘lgan. Keksalik tufayli bo‘lsa kerak, volidalariga sut kelmaydi, go‘dak sutsiz voyaga yetadi, shu sababli “beshir”, ya’ni “sutsiz” degan nom oladi. Ma’lumotlar ko‘rsatadiki, buyuk avliyo Amir Temur saltanati davrida kamolga yetgan. U tariqatda Ahmad Yassaviyga tuvajjuh etgan. Ammo asosiy shiori “Dil ba yoru dast ba kor” bo‘lgan. Minglab muridlari bo‘lgan, halol mehnat evaziga yashashni hayot qonuniga aylantirgan. Qo‘lyozmada shunday lavhalar bor: “Naqldurkim, hazrat shayx Buzrukvor necha yillar Bashir qishlog‘ida turdilar. Odamlar Shayxi Buzrukvorni nihoyatda hurmat qilar edilar… olti mingga yaqin muridi xos bo‘ldilar. O‘zbeklar, tojiklar, qozoqlar, turkmanlar, xitoylar bor edi. Borish-kelish nihoyatda yaxshilandi…”  

Hazrati Beshir otaning dunyoga kelishi bilan bog‘liq turli xil rivoyatlar yuradi. Buni ziyoratgoh rahbari Azamat Hayitov quyidagicha hikoya qiladi.  

– Amir Temurning piri Said Barakaning ukasi Said Ne’matullohning duolari bilan hazrati buzruk dunyoga kelgan, – deydi “Hazrati Bashir ota” ziyoratgohi rahbari A.Hayitov. –  Bir kuni Hazrati Beshirning otasi Shayx Hasan, o‘sha paytda 90 yoshni qoralab qolgan, tomorqasida ekilgan piyozni o‘toq qilib o‘tirgan paytida Said Ne’matulloh kelib qoladi. Qarasa keksa kishi qiynalib mehnat qilyapti. Karomat ko‘rsatib: “Ey begona o‘tlar paykaldan chiqing” deganlarida begona o‘tlar supirilib chiqib ketadi. Buni ko‘rgan Shayx Hasan: “Ey taqsir noto‘g‘ri  qildingizda, mehnat qilgan yaxshiroq edi”, deb Said Ne’matulloh bilan hamsuhbat bo‘ladi, yaqindan tanishib, uzoq yillik armoni, ya’ni farzandsizligini aytadi. Shunda Said Ne’matulloh unga farzand tilab duo qiladi va fursat yetib ular o‘g‘il farzand ko‘rishadi. Aslida Shayx Hasan ham bu yerlik emas. U kishining otalari, nasabi jihatdan Hazrat Aliga borib taqalgan, haj safariga ketayotib shu yerga kelganda nimadir sabab uzoq muddat qolib ketgan va shu yerda vafot etgan. Shu-shu avlodlari ham bu manzilni makon tutgan.  

Hazrati Beshir Hazrati Muhammad Sallollohu alayhu vasallamning hijratlaridan keyin 768 yildan so‘ng olamdan o‘tadi va Bashir qishlog‘idagi Niyoztepada dafn etiladi. U kishining qoldirgan meroslari va tariqatlari islom olamida katta qimmatga hamda o‘z o‘rniga ega bo‘lib qoldi. Ushbu ziyoratgoh mustaqillikdan keyin qurilishlar qilinib, obod maskanga aylantirildi. Bu yerga har yili minglab kishilar kelib, Hazrati Beshirning Niyoztepadagi qabrlarini ziyorat qiladi.

Rivoyatlarga ko‘ra, Hazrati Beshir ota-onasidan erta ajralib qoladi. Shundan keyin qishloq atrofidagi g‘orlarda yashab, faoliyatini davom ettiradi. Hozir ham ushbu g‘orlar mavjud va ularni turizm marshrutiga kiritish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilmoqda.  

Hazrati Beshir ota yuksak karomat sohibi ekanligi aytiladi. Bu haqda ziyoratgoh ilmiy xodimi Oybek Rajabov quyidagilarni hikoya qilib berdi.  

– Hazrati Buzrukvor atrofdagi tog‘lar bag‘rida joylashgan “G‘ori hakim”, “Qizilqoya”, “Sandiqtosh” deb nomlanuvchi g‘orlarda yashagan, – deydi O.Rajabov. – Karomatgo‘y bo‘ladi. Ziyoratgohning oldidagi archa 90 yoshgacha suyanib yurgan hassalari deyiladi. Hazrati Buzrukvor 90 yoshga yetganlarida “Sandiqtosh” degan g‘orda yashab turgan paytlarida bir kuni muridlariga, shu yerdan hassamni otaman va u borib tushgan joy oxirgi manzil- makonim bo‘lsin, meni o‘sha yerga dafn qilinglar, deya vasiyat qiladi va hassasini uloqtiradi. Hassa hozirgi maqbara qurilgan joyga kelib teskari qadaladi va keyin archa bo‘lib o‘sadi. O‘sha 6,5 asrlik archa hozir ham bor va teskari o‘sgan.  

Ziyoratgohdagi yana bir manzil bu maqbara qurilgan tepalik ostidagi chillaxona. XV asrning yigirmanchi yillarida bunyod etilgan bu chillaxona yashash uchun qulay va mustahkam qilib yer bag‘ridan kovlangan. Chillaxona o‘rtasida tuproqdan ustun qoldirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu chillaxonani Beshir otaga zamondosh Abu Bakr Kitobiy Hazrat Oxund kovlagan.

Hazrati Beshir yuksak salohiyat egasi bo‘lib yetishgach, u kishining ta’riflarini eshitib, bir tomoni Misr, bir tomoni Mo‘g‘ulistongacha bo‘lgan musulmon olamining turli burchaklaridan odamlar kelib, unga shogird tushadi. Hatto Mirzo Ulug‘bek vafotidan so‘ng uning yaqin shogirdi Ali Qushchi Samarqanddagi mashhur kutubxona xavf ostida qolganida undagi kitoblarni Hazrat Bashir qishlog‘iga ko‘chirganligi to‘g‘risida ham rivoyatlar bor.

Oybek Rajabovning hikoya qilishicha, Hazrati Beshir otaning 14 nafar farzandi bo‘lgan. Ular ham zabardast, bilimli kishilar bo‘lib yetishgan. Ilm izlab turli davlatlarga ketgan va o‘sha yerlarda yashab qolgan. Faqatgina ikki nafar o‘g‘li o‘zi bilan birga qolgan va uning ishlarini davom ettirgan. Shu yerda vafot qilib, Buzrukvorning yoniga dafn qilingan.  

Maqbara orqasidagi pistazorni ham Hazrati Beshir ota o‘z qo‘llari bilan tashkil qilgan. U yerda 100 tupga yaqin pista daraxti bor va ularning yoshi ham 6,5 asrlik. Buni qarangki, pista daraxtlari hozir ham hosil berib turibdi. Ba’zilari tanasining qalinligi 3 metr keladi.  

Aytish mumkinki, hududda ziyorat turizmi rivojlangan bo‘lib, sayyohlar keladigan asosiy manzil bu Hazrati Sulton Said Ahmad Beshir honaqosi.  

– Bu yerda turizmni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi Azamat Hayitov. – Chillaxona, Hazrati Buzrukning karomati bilan paydo bo‘lgan buloq bor. Bunga ham salkam 7 asr bo‘lgan. Sayyohlar masalasiga kelsak, yo‘llar ochilib turizmga imkon yaratilgandan keyin bahor va yoz oylarida kuniga 10 minglab odamlar keladi. Tarixiy ob’ektlar ko‘p. Tarixiy g‘orlar mavjud. O‘sha joyga ham yo‘l ochmoqchimiz. Hazrati Buzrukning o‘zlari yashagan g‘or ham bor. Uning ham yo‘llarini yaxshilash maqsad qilingan. Mavsumda bir oyda 100 ming nafardan ziyod ziyoratchi kelib- ketadi. Keladigan sayyohlarga servis xizmatini yaxshilash maqsadida qishloqdagi mavjud 1,5 ming xo‘jalikning mingtasida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Hozir qishloqda 20 ga yaqin mehmon uy tashkil etilib, joriy yilda ularning sonini yanada oshirishga harakatlar boshlangan.  

Albatta, ziyorat turizmini rivojlantirish orqali sayyohlarda qishloq turmush tarzi bilan yaqindan tanishish imkoni yaratiladi. Va bu borada ayni damda muhim chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, sayyohlarning yilning istalgan vaqtida sayohatga kelishlari uchun sharoitlar yaratilishiga xizmat qilmoqda.  

Rivoyatlarga ko‘ra, Hazrati Beshir tug‘ilib, islom olamida tanilgunga qadar ushbu qishloqning nomi Kosatarosh deb nomlangan. Bunday deyilishiga sabab bu hududda yashovchi odamlar yog‘ochga ishlov berish bilan shug‘ullangan. Undan keyin esa aziz avliyo nomi bilan Hazrati Bashir deya nomlangan.

Mehmonligimizni bilib, yonimizga kelgan Parvozxon Ibragimov qishloq tarixi haqida shunga o‘xshash boshqa bir qiziq ma’lumotlarni berib o‘tdi. Aynan Varganza anorining kelib chiqish tarixi ham Hazrat Beshir otaga borib taqalar ekan.

– Varganza anori tarixiy voqea, – deydi ziyoratgoh xodimi Parvozxon Ibragimov. – Beshir ota Qizilqoya g‘orida yashab turgan paytlarida bir kuni  xudoning qudrati bilan bir tup anor ko‘karib chiqadi. U kishi anorning navdalaridan olib yurt kezadi. Qayerga ekmasin anor ko‘karmaydi, rivojlanmaydi. Kunlarning birida bugungi Varganza qishlog‘i joylashgan yerga olib kelib eksa, birdaniga voyaga yetib hosilga kiradi. Buxoro viloyatida Vardongi qishlog‘i bor. Bir kuni aynan shu qishloqdan 7 aka-uka bu kishining avliyoligidan xabar topadi va uchrashishga oshiqadi. Yetti aka-uka Hazrat bilan ko‘rishgandan keyin avliyolik darajasini ko‘zi bilan ko‘rgan zahoti shu yerda yashab qolishni maqsad qilib, Beshir otadan panoh so‘raydi. Beshir ota yetti og‘aynini orqalaridan ergashtirib, hassasini yerga sudrab boraveradi. Orqasidan izi qolaveradi. Hozirgi Varganza qishlog‘i joylashgan joyga yetgandan keyin hassani yerdan ko‘taradi. Tuproqda izi qolgan joydan suv ergashib boraveradi. Hassa yerdan ko‘tarilishi bilan suv ham shu yerda to‘xtab qoladi. Shu yerda atrofga to‘plangan piri murshidlarga vasiyat qiladilarki, “Ey birodarlar, bu anor daraxti. Bunga zo‘r qarang. Sizni boy qiladi va barcha elga tanitadi”, deb xatmi Qur’on o‘qib duo qiladi. Shundan o‘sha aka-ukalar yashab qolgan joy Varganza qishlog‘i va u yerda ekilgan anorlar dunyoga mashhur bo‘lib ketgan. Chunki unga hazratning duolari ketgan.  

Albatta, yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal. Ko‘ngil xotirjamlik va osudalikni istarkan, Hazrati Bashir qishlog‘i yaxshi tanlov bo‘la oladi. Har bir qadami sirli tarixga ega ushbu qadimiy qishloq ma’naviy olamingizni ham go‘zallashtirmasdan qolmaydi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),  

O‘zA muxbirlari

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karomatgo‘y avliyo Hazrati Beshir haqida eshitganmisiz?