Karim Bahriyev o‘qigan maktabda uning nomidagi stipendiya ta’sis etildi
Urgut tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ushbu ta’lim muassasasida ta’lim olgan taniqli jurnalist, iste’dodli shoir va mohir tarjimon Karim Bahriyev xotira kechasi o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, “Sharq yulduzi” jurnali bo‘lim boshlig‘i Muhammad Ismoil, “Qanot” loyihasi asoschisi Laziz Rahmatov va boshqalar Karim Bahriyevning o‘zbek adabiyoti va milliy jurnalistika rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki haqida so‘z yuritdilar.

– Karimjon, bugungi kun nuqtai nazaridan, kam umr ko‘rgan bo‘lsa-da o‘zidan juda katta ilmiy-adabiy meros qoldirdi, jurnalistikada o‘z o‘rniga, ovoziga ega bo‘ldi, – dedi Abdusaid Ko‘chimov. – U hayoti davomida turli sinovlarni boshidan kechirdi. Lekin o‘zligini yo‘qotmadi, so‘zga xiyonat qilmadi. Mamlakat parlamentiga saylangan eng yosh deputatlardan biri sifatida nafaqat o‘zi saylangan Urgut tumani aholisi manfaatlarini himoya qildi, balki mamlakat taqdiriga daxldor masalalarda o‘z fikrini, deputatlik pozitsiyasini namoyon eta oldi. Shuning uchun yuqori darajadagi siyosiy doiralarda ham, adabiy davralarda ham Karimjonning mulohazalari, qarashlari hisobga olinardi. Uning uch tomli “Dunyo she’riyati antologiyasi” nomli kitobining o‘zi o‘zbek adabiyoti tarjimashunosligida juda katta tarixiy voqea bo‘lganini ta’kidlash lozim.

Xotira kechasida taniqli jurnalist Laziz Rahmatov ushbu maktab o‘quvchilari uchun Karim Bahriyev nomidagi stipendiya ta’sis etish tashabbusini ilgari surdi va bir o‘quv yili davomida ikki marta stipendiya g‘oliblari aniqlanib, ularga “Qanot” loyihasi orqali ma’lum miqdordagi stipendiya to‘lanishini bildirdi. Tashabbus maktab jamoasi va G‘o‘s qishlog‘i ahli tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

– Karim aka o‘ttiz mingdan ortiq aholi yashaydigan G‘o‘s qishlog‘ining, maktabimizning faxri edi, – deydi Urgut tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Muhammad Tojiboyev. – Qishlog‘imizga kelganida, albatta, maktabda ham bo‘lib, o‘quvchilarni puxta bilim olishga da’vat qilar, ta’lim jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan maslahatlarini berardi. Ayni chog‘da maktabimizda Karim Bahriyev kitoblari burchagi tashkil qilib, uning asarlarini joylashtirganmiz. Hozir qurilayotgan 550 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosidan bitta sinfxonani uning nomi bilan atamoqchimiz.

Tadbir qatnashchilari tomonidan maktabga 200 dan ortiq badiiy kitoblar, jurnallar topshirildi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri