“Karera kuni” tashkil etildi
Toshkent xalqaro vestminster universitetida Bojxona qo‘mitasi tashabbusi bilan “Karera kuni” tadbiri tashkil etildi. Ushbu uchrashuv yoshlarni davlat xizmatiga, xususan, bojxona organlariga jalb etish, ularni soha imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish va kasbiy yo‘nalish berishga qaratildi.
Uchrashuv davomida yosh mutaxassislarning kasbiy rivojlanishi, amaliyot o‘tash imkoniyatlari va kelgusida ishga joylashish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda bojxona organlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari, zamonaviy axborot texnologiyalarining joriy etilishi hamda kadrlar tayyorlash tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning kasbiy o‘sishi va malakasini oshirishga qaratilgan dasturlar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ularga amaliyot o‘tash, tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi, xizmat faoliyatidagi talablar va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Ayniqsa, xorijiy tillarni mukammal biluvchi, tahliliy fikrlash qobiliyatiga ega va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan yosh mutaxassislarga ehtiyoj yuqori ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, bojxona tizimida xizmat qilishning o‘ziga xos jihatlari, ish jarayonida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar, xavflarni boshqarish tizimlari hamda xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida berilgan ma’lumotlar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuv yakunida talabalar uchun Bojxona qo‘mitasida “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etish, ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish va hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA