Karatechimiz Marokashda bronza medalini qoʻlga kiritdi
Shu kunlarda Marokash davlati poytaxti Rabot shahrida karate boʻyicha Premyer-liga musobaqasi boʻlib oʻtmoqda. Kecha ushbu turnir doirasida hamyurtimiz Sadriddin Saymatov shohsupaga koʻtarildi.
Shu kunlarda Marokash davlati poytaxti Rabot shahrida karate boʻyicha Premyer-liga musobaqasi boʻlib oʻtmoqda. Kecha ushbu turnir doirasida hamyurtimiz Sadriddin Saymatov shohsupaga koʻtarildi.
60 kilogrammgacha vazn toifasida tatamiga chiqqan sportchimiz yarim finalgacha boʻlgan yoʻlni munosib tarzda bosib oʻtdi. Final ostonasida esa Sadriddin turkiyalik Samdan Erayga imkoniyatni boy berdi. Natijada u bronza medali uchun yaponiyalik Minami Yunosukega qarshi tatamiga chiqadigan boʻldi. Murosasiz kechgan bahsda hamyurtimiz karate vatani vakilidan ustun keldi va Marokashdan bronza medali bilan qaytadigan boʻldi.
Taʼkidlash joiz, karate sport turida Premyer-liga turkumiga kiruvchi musobaqalarda Tokio-2020 olimpiadasiga qimmatli reyting ochkolari beriladi. Marokashdagi muvaffaqiyat Sadriddin Saymatovga olimpiada oʻyinlari reytingidagi oʻrnini yaxshilab olish imkonini beradi.