Karantinda soliqlarni uyda ham toʻlay olasiz!
Koronavirus pandemiyasi sabab eʼlon qilingan karantin davrida uyda qolishimiz kerak, taʼbir joiz boʻlsa shart.
Koronavirus pandemiyasi sabab eʼlon qilingan karantin davrida uyda qolishimiz kerak, taʼbir joiz boʻlsa shart. Bu tartib nafaqat oʻzimiz, balki oʻzgalar sogʻligʻini asrash uchun ham juda zarur.
Mana shunday ogʻir vaziyat, ijtimoiy masofalanish davrida ham ayrim burch va majburiyatlarni oʻz vaqtida ado etish oʻzimizga foyda, yurtga esa koʻmak. Bugun uyda – masofadan turib avtomatlashtirilgan tizimlar, elektron xizmatlar orqali buni hech bir muammosiz uddalash mumkin.
Soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarish mumkin
“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi ana shunday qulay va tezkor imkoniyatlarga ega boʻlgan “SOLIQ” mobil ilovasini taqdim etdi. Unda soliq toʻlovchilar uchun koʻplab elektron soliq xizmatlari jamlangan.
Masalan, jismoniy shaxslar mobil ilova yordamida yer va mol-mulk soliqlari summalarini aniqlashi va toʻlashi mumkin. Toʻlovlar bank plastik kartochkasi orqali amalga oshiriladi. Toʻlovlarni “Toʻlov reyestri” boʻlimidan tekshirish imkoni mavjud. Har bir amalga oshirilgan toʻlov boʻyicha foydalanuvchiga xabar beriladi.
Mobil ilovadan ish haqi toʻgʻrisida maʼlumotlarni olish, STIRni aniqlash ham oson. Soliqni toʻlash, toʻlov topshiriqnoma yaratish va uning holati bilan tanishish imkoniyati esa yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar uchun birday foydali boʻlishi shubhasiz. Mobil ilova, shuningdek, shaxsiy hisobvaraq maʼlumotlari – hisoblangan, toʻlangan soliqlar, qarzdorlik yoki vaqtida toʻlanmagan qarzdorlik uchun ustamalardan xabardor boʻlishda qoʻl keladi.
Mobil ilovaning soliq hisobotlari holatini tekshirish, soliq obyektlari, soliq toʻlovchi, QQS toʻlovchilari toʻgʻrisida maʼlumot olish, soliqni hisoblash kalkulyatoridan foydalanish, soliq organi rahbari qabuliga yozilish kabi bir qator qulayliklari ham bor.
Soliq organlari, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, soliqqa oid bahsli holatlarga oid koʻplab maʼlumotlar esa uning afzalliklari doirasini yana-da kengaytirgan.
Imkoniyatlar shu bilan kifoyalanmaydi
“SOLIQ” mobil ilovasida barcha turdagi foydalanuvchilar uchun soliq va majburiy toʻlovlarning toʻlov muddatlari toʻgʻrisida xabar beruvchi “Taqvim” mavjud. Soliq sohasida qanday yangilik va oʻzgarishlar yuz bermoqda? Mamlakatimizda kimlar uchun qanday soliq imtiyozlari berilayapti? Mazkur muhim jarayonlarning tafsilotlari ham soliq toʻlovchilar eʼtiboriga muntazam havola etib boriladi.
Mobil ilova yaqinda yana bir yangi imkoniyat bilan boyidi. Unga koʻra, jismoniy shaxslar shaxsiy kabinetiga Elektron raqamli imzo (ERI) yoki jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami (PINFL) orqali kira oladi. PINFLni pasportdan aniqlash mumkin (Shu yerda PINFLni pasportdan aniqlash aks etgan rasm boʻladi).
Afsuski, hamma ham insofli soliq toʻlovchi emas. Baʼzan soliq toʻlashdan boʻyin tovlash, haqiqiy daromadni yashirish, savdo-sotiq qoidalariga rioya etmaslik, xususan, narxlarning sunʼiy ravishda oshirilishi kabi salbiy holatlarga duch kelamiz. Agarda siz ham shu singari huquqbuzarliklarning guvohi boʻlsangiz, mobil ilova orqali bu haqda soliq organlarini xabardor qiling. Bu bilan jamoatchilik nazorati kuchayishi va soliq madaniyati yuksalishiga hissa qoʻshgan boʻlasiz.
“SOLIQ” mobil ilovasi orqali onlayn-NKM yoki virtual kassa tomonidan taqdim etiladigan cheklarni roʻyxatdan oʻtkazib, yutuqli oʻyinda ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritish mumkin. Gap shundaki, bu yil fiskal belgili cheklar asosida yutuqli oʻyinlar tashkil etiladi. Buning uchun davlat byudjetidan bir milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgan.
Yutuqli oʻyin ishtirokchisiga aylanish shartlari juda oddiy va oson: avvalo, ilovada chekni roʻyxatga olish tugmasi bosiladi, chekning QR-kodi skaner qilinadi, chek egasi telefon raqami va ismi-sharifi kiritiladi. Tamom, chek roʻyxatga olinadi.
Siz uchun yana bir qulaylik yaratmoqchimiz
“Yangi texnologiyalar” markazi mutaxassislari kelgusida “SOLIQ” mobil ilovasi yordamida roʻyxatdan oʻtkazilgan cheklar orqali xarid qilingan mahsulotlar va xizmatlar toʻgʻrisida kunlik, oylik va yillik statistik maʼlumotlarni bilib borish xizmatini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan. Bu orqali xaridor qachon qanday tovar xarid qilgani, qaysi mahsulotni koʻp isteʼmol qilayotgani va xarajatlari dinamikasidan doim xabardor boʻlib turadi. Bu esa shaxsiy jamgʻarma yoki oilaviy byudjetni toʻgʻri boshqarish va yoʻnaltirishga yordam beradi.
“SOLIQ” mobil ilovasi “ArrStore” va “GooglePlay”da joylashtirilgan. Uni yuklab olish uchun Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy saytidagi havoladan (https://soliq.uz/page/mobil-ilova) foydalanish lozim.
Sherzod TESHABOYEV,
“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot
markazi mutaxassisi.