Karantin sharoitida juma namozini oila aʼzolari bilan jamoat boʻlib oʻqish mumkinmi?
Bu savolga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo boʻlimi mutaxassisi Hikmatulloh Toshtemirov javob berdi:
Dolzarb savolga aniq javob
Bu savolga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo boʻlimi mutaxassisi Hikmatulloh Toshtemirov javob berdi:
– Karantin sharoitida, yaʼni masjidlarda juma namozi oʻqilmayotgan kunlarda peshin namozini uyda, oila aʼzolari bilan jamoat boʻlib oʻqish joiz.
Jumladan, shu kunlarda masjidlarimiz karantin sababli yopilgani uchun juma namozi oʻrniga uyda peshin namozi oʻqilmoqda. Fiqhiy manbalarimizga eʼtibor qaratsak, masjidlarda juma namozi oʻqilib turganda uyda peshinni jamoat boʻlib oʻqish makruhligi bayon qilingan: “Shaharda uzrli (mahbus, musofir) va uzrsiz (baʼzi sabablar bilan juma namozidan qolib ketgan) kishilarning, imom jumani oʻqib boʻlishdan avval yoki keyin, uyda peshinni jamoat boʻlib oʻqishlari makruhdir” (“Al-Fatovol hindiya” kitobi).
Chunki bu ishlarda jumaning jamoatini kamaytirish va jumani ado qilish buyrugʻiga qarshi chiqish bor (“Fathu bobil inoya” kitobi).
Karantin sharoitida esa ahli ayoli va farzandlari bilan peshinni jamoat boʻlib oʻqishda jumaning jamoatini kamaytirish ham, buyruqqa qarshi yoʻl tutish ham yoʻq. Chunki masjidlar vaqtinchalik faoliyati toʻxtatilgan va jumalar ado etilmayotgan bir paytda uyda namoz oʻquvchilar juma namozining vaqti (taxminan 13:00-13:15 gacha) oʻtishini kutib oʻtirishida ham maʼno yoʻq.
Kishi ahli ayoli bilan jamoat boʻlib namoz oʻqishi haqida Abdulloh ibn Masʼud raziyallohu anhu aytadilar: Men Paygʻambarimiz (s.a.v.) yonlarida turib namoz oʻqidim Oisha onamiz esa orqada oʻqidilar. (Imom Ahmad rivoyatlari).
Anas raziyallohu anhu: “Men va bir yetim bola bizning uyimizda Paygʻambarimiz (s.a.v.) bilan namoz oʻqidik, onam Ummu Sulaym orqamizda turdilar", – dedilar.
Mazkur hadislardan maʼlum boʻladiki kishi uyida ahli ayoli bilan jamoat boʻlib namoz oʻqishi mumkin va bu holatda ayollar orqa safda turishi lozim ekan. Vallohu aʼlam.
Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi,