O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bankning "Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi" davlat unitar korxonasi "Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi" aksiyadorlik jamiyatiga aylantiriladi va uning faoliyati Markaziy bank tomonidan tartibga solib boriladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab davlat va korporativ qimmatli qog‘ozlar yagona hisobi "Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi" aksiyadorlik jamiyatida yuritiladi.
2028 yil 31 dekabrga qadar "Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi" AJ, "O‘zbekiston respublika valyuta birjasi" AJ va "Toshkent" respublika fond birjasi" AJ dividendlarni hisoblash va to‘lashdan ozod qilinadi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 yanvardagi "Kapital bozorini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-90-son qarori 1-bandida nazarda tutilgan imtiyozlarning amal qilish muddati 2028 yil 31 dekabrga qadar uzaytiriladi.
Soliq to‘lovchining soliq davri davomida jami mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yuz baravarigacha bo‘lgan miqdordagi ish haqi va boshqa daromadlaridan mahalliy fond bozorida emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun shaxsiy investitsiya hisobvarag‘iga yo‘naltiriladigan daromadlari o‘n ikki oy ichida qaytarib olmaslik sharti bilan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Qimmatli qog‘ozlar fond birjasi listingiga kiritilmagan aksiyadorlik jamiyatlarining rasmiy veb-sayti bo‘lishi haqidagi majburiy talab bekor qilinadi, bundan davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari mustasno.
Kapital bozori sohasida avval berilgan litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar o‘z kuchini saqlab qoladi, mazkur qaror qabul qilinganligi ularni bekor qilish yoki o‘zgartirishga olib kelmaydi.
Qaror bilan 2023-2025 yillarda kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" ham tasdiqlandi.
O‘zA