Kanton dasturxoni: Xitoy turizmining o‘ziga xos jozibasi
Xitoyga safar qilgan xorijlik mehmon uchun mamlakatni anglash faqat tarixiy obidalar, zamonaviy shaharlar yoki tabiat manzaralari bilan cheklanmaydi. Milliy taomlar ham muayyan hududning tarixi, urf-odati va turmush tarzi haqida ko‘p narsa so‘zlaydi. Shu bois Xitoyning turli hududlariga xos oshxona an’analari bugun mamlakatning turistik salohiyatini namoyon etuvchi muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Ayniqsa, janubdagi Guandun provinsiyasi va uning markazi Guanchjouda shakllangan kanton oshxonasi o‘zining yengilligi, mahsulotlarning tabiiy ta’mini asrab qolishi, yangi masalliqlardan foydalanishi va ta’mlar uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Asrlar davomida shakllangan bu an’ana bugun dunyoning turli mamlakatlarida Xitoy oshxonasining eng tanilgan yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Guanchjouda milliy taomlarni turizm bilan uyg‘unlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shaharda gastronomik yo‘nalishlar, milliy taomlar festivallari va mahalliy oshxona bilan bog‘liq madaniy tadbirlar tashkil etilib, sayyohlarga nafaqat taomni tatib ko‘rish, balki uning ortidagi madaniyat bilan tanishish imkoni yaratilmoqda. 2026-yil Xitoy Turizm kunining asosiy tadbirlari Guanchjouda o‘tkazilgani va dasturda “Guanchjou taomlari”ga bag‘ishlangan tadbirlar ham o‘rin olgani bu yo‘nalishga e’tibor kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Bunday yondashuvning ahamiyati xorijiy mehmonlarning taassurotlarida ham namoyon bo‘ladi. Joriy yil iyul oyida Xitoyga davlat tashrifi bilan kelgan Namibiya Prezidenti Netumbo Nandi-Ndaytva Guandun provinsiyasiga ham bordi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tashrif dasturidan Guandun va Sichuan provinsiyalariga borish ham o‘rin olgan.
Xorijiy davlat va hukumat rahbarlarining Xitoyga tashriflari chog‘ida mahalliy oshxona bilan tanishishi esa bu mamlakat hududlarining turistik va madaniy salohiyatini namoyon etishning o‘ziga xos usuliga aylangan.
Masalan, 2024-yilda AQSH Moliya vaziri Janet Yellen Guanchjouga tashrifi davomida kanton oshxonasining an’anaviy taomlaridan tatib ko‘rgan. Uning mahalliy taomlar haqidagi iliq fikrlari xalqaro ommaviy axborot vositalarida ham aks etgan.

Bundan oldin ham Guanchjouga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar kanton taomlariga qiziqish bildirgan. 1986-yilda Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II va shahzoda Filippning Xitoyga tashrifi doirasida Guanchjouda mahalliy oshxona taomlari taqdim etilgan. Bunday misollar milliy taomlarning madaniyatlararo muloqotdagi o‘rni tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Kanton oshxonasidagi an’anaviy usullar bilan zamonaviy yondashuvning uyg‘unligi ham uning jozibasini oshirmoqda. Xitoyning mashhur oshpazlaridan biri Lyao Sunsyan ta’kidlashicha, kanton taomlarini tayyorlashda asosiy maqsad mahsulotning tabiiy ta’mini yo‘qotmaslik va uni to‘g‘ri usul bilan ochib berishdan iborat.
Uning fikricha, kuchli olovda qisqa vaqt davomida tayyorlash orqali mahsulotning tabiiy sharbati va xushbo‘yligini saqlab qolish mumkin. Bunda zanjabil, ko‘k piyoz, guruch mayi kabi mahsulotlar taomning asosiy ta’mini bosib ketmasdan, uni boyitadi.
Kanton oshxonasining yana bir muhim jihati, u doimiy ravishda yangilanib boradi. An’anaviy retseptlar saqlangan holda, turli mamlakatlar oshxonasiga xos usullar bilan uyg‘unlashtirilgan yangi taomlar ham yaratilmoqda. Bu esa mahalliy gastronomik madaniyatning zamonaviy turizm talablariga moslashuviga xizmat qilmoqda.
Aslida, Xitoyda gastronomik turizm faqat Guanchjou bilan cheklanmaydi. Mamlakatning har bir hududi o‘zining milliy taomlari, mahsulotlari va tayyorlash an’analari orqali sayyohlarga o‘ziga xos madaniy manzarani taqdim etmoqda. Pekin, Sichuan, Shensi, Yunnan, Futszyan va boshqa hududlarning oshxona an’analari ham mamlakatning sayyohlik jozibadorligini boyituvchi omillardan sanaladi.

Shu ma’noda, milliy taom bugun oddiy dasturxon ne’mati emas, balki hududning madaniy qiyofasi va turistik salohiyatini namoyon etuvchi vositaga aylanmoqda.
Guanchjou misolida esa bu jarayon, ayniqsa, yaqqol ko‘rinadi. Chjutszyan daryosi bo‘yidagi qadimiy shaharning ochiqligi, turli madaniyatlar bilan uzoq yillik aloqalari va boy gastronomik an’analari bir-birini to‘ldirib, xorijiy mehmonlarga Xitoyni yana bir tomondan kashf etish imkonini bermoqda.
Zero, ba’zan biror mamlakat haqida tasavvur hosil qilish uchun uning tarixi yoki me’moriy obidalarini ko‘rishning o‘zi kifoya qilmaydi. Uning dasturxoni atrofida o‘tirib, milliy taomlarini tatib ko‘rish ham xalqning madaniyati va qadriyatlarini anglashga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA