Kannavaro: Husniddin Aliqulovning jarohati barcha rejalarimni o‘zgartirib yubordi
Italiyalik mutaxassis Husniddin Aliqulovning safdan chiqishi uning dastlabki rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatganini tan oldi.
Fabio Kannavaro matbuot anjumanida JCHda qo‘llanilgan taktik uslub hamda himoya chizig‘idagi majburiy o‘zgarishlar xususida to‘xtaldi.
Italiyalik mutaxassis Husniddin Aliqulovning safdan chiqishi uning dastlabki rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatganini tan oldi.
“Ochiq aytganda, Aliqulovning jarohat olgani mundial oldidan tuzgan barcha rejalarimni chipakka chiqardi. Uning yo‘qligi sababli taktikaga keskin o‘zgartirish kiritmaslikka va xavfsizroq yo‘lni tanlashga majbur bo‘ldim.
Faoliyatim davomida faqat ‘"Udineze"da uch nafar markaziy himoyachi bilan harakat qilganman, xolos. Qolgan barcha jamoalarimda asosan ikki nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynaganmiz. Mening sezilarli darajada afzal ko‘radigan va asosiy hisoblagan taktik sxemam — 4-3-3. Sababi, to‘rt nafar himoyachi bilan to‘p surganda hujum chizig‘idagi imkoniyatlarimiz ham sezilarli darajada kengayadi”, — deydi italiyalik murabbiy.
Shuningdek, Kannavaro Osiyo futbolidagi daraja hamda kelgusida O‘zbekistonda yoshlar futbolini rivojlantirish borasidagi rejalari bilan bo‘lishdi.
“Osiyo qit’asida Portugaliya yoki Kolumbiya darajasidagi kuchli jamoalar yo‘q. Shunday ekan, o‘z futbol falsafamiz va qarashlarimizni rivojlantirgan holda to‘g‘ri yo‘nalishda davom etishimiz lozim.
Shu bois, sentyabr oyida mamlakatdagi barcha yosh toifasidagi terma jamoalar murabbiylari bilan maxsus uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirganman. Futbolchilarimizga aynan qanday uslubda to‘p surish kerakligini bolalikdanoq singdirib borish o‘ta muhim hisoblanadi”, — deya ta’kidladi Fabio Kannavaro.