Kannabiszor fosh etildi
Giyohvandlik — inson umriga zomin bo‘luvchi o‘ta qora illat, kechirib bo‘lmas jinoyat. Ammo oramizda bu kabi illatga o‘ralashib, nafs yo‘lida, mo‘may daromad ilinjida zahri qotil yetishtirayotgan, uning savdosi bilan shug‘ullanayotgan kimsalar ham bor. Bu kabi kimsalarning qilmishi, albatta, javobsiz qolmaydi.
Bu borada ichki ishlar, huquq-tartibot tizimi xodimlari tomonidan doimiy ravishda kuzatuv va tekshiruv ishlari amalga oshirilib, giyohvandlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Xususan, Shaxsiy xavfsizlik Toshkent viloyati boshqarmasi va Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan “Qora dori – 2022” doirasida shu yil 28 sentyabr kuni Zangiota tumanida o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbir davomida “Mevazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tashkil qilingan kannabiszor fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati ma’lum qildi.
Tadbir davomida aniqlanishicha, fuqaro R.M. xonadonida 26 tup kannabis giyohvandlik o‘simligini o‘ziga xos tarzda parvarishlab, yetishtirgan. U giyohvandlik o‘simligini yon tomonga o‘stirib, boshoqli bo‘lishini ta’minlagan va qamishlar orasiga o‘rab o‘ziga xos tarzda kannabiszor tashkil qilgan.
Shuningdek, tezkor tadbir mobaynida xonadon ko‘zdan kechirilar ekan, 238,7 gr quruq holatdagi marixuana giyohvandlik vositasi ham daliliy ashyo sifatida olingan. Fuqaro protsessual tartibda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda jinoyatga jazo muqarrar ekanligini alohida ta’kidlash joiz. Zero, bu kabi yashirincha jinoyatlar javobsiz qolmaydi.
M.Komilova, O‘zA