Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kanallarni betonlash suv isrofini kamaytiradi

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suvdan tejamkorlik bilan oqilona foydalanish ijobiy samara berishini bugunning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Boisi aholi sonining ko‘payishi, yerlarning o‘zlashtirilishi suv resurslarining borgan sari kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

Dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari qishloq xo‘jaligidagi sug‘orish tizimida ham yangi islohotlarni joriy qilishni taqozo etmoqda. Qashqadaryo viloyatida ham suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan kanallarni betonlashtirish, sug‘orish tarmoqlarini tozalash va ta’mirlash ishlariga keyingi yillarda alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida davlat dasturi asosida jami 34 ta irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, betonlashtirish tadbirlariga 251,82 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu olib borilgan tadbirlar natijasida 88,3 ming gektar maydonning suv ta’minoti hamda 18,8 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilandi.  

– 2024 yilda suv xo‘jaligi sohasida viloyatda bir qancha salmoqli loyihalar amalga oshirildi, – deydi Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qurilish va ta’mirlash ishlarini tashkil etish sho‘’basi mudiri Murodilla Ahmedov. Jumladan, davlatimiz rahbarining va Vazirlar mahkamasining tegishli qarorlariga asosan, viloyatda jami irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha 216 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratildi. 20 ta irrigatsiya hamda 2 ta melioratsiya ob’ektlari bo‘yicha qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi. Ushbu loyihalar doirasida jami 125,5 kilometr kanalda betonlashtirish va rekonstruksiya ishlari, 70 kilometr lotoklarda rekonstruksiya ishlari, 25,7 kilometr kollektor drenaj tarmoqlarida rekonstruksiya ishlari olib borildi. Mazkur betonlashtirish ishlari jarayonida viloyatdagi suv yo‘qotilishi eng yuqori bo‘lgan kanallar tanlab olindi. Ularda foydali ish koeffitsiyenti 65-70 foizni tashkil qilgan. Betonlanish jarayonida bularning foydali ish koeffitsiyenti 90 foizgacha ko‘tarilishiga erishildi.    

Viloyatda suv xo‘jaligi tashkilotlari hisobida 256 ta magistral va xo‘jaliklararo kanallar bo‘lib, ularning umumiy uzunligi 2 ming 476 kilometrga teng shundan 1 ming 502 kilometr qismi betonlashtirilgan. Klaster va fermerlar hisobida 20,4 ming kilometr ichki kanallar mavjud bo‘lib, shundan 6,2 ming kilometr lotok, 2,2 ming kilometr beton qoplamali sug‘orish tarmoqlari, 864 kilometr yopiq tarmoqlar va 11,1 ming kilometr qismi tuproq o‘zanli suv yo‘llari hisoblanadi.  

– Shuningdek, Vazirlar mahkamasining 2024 yil 7 martdagi tegishli qarori ijrosi doirasida meliorativ ob’ektlarni ta’mirlash, tiklash bo‘yicha ham 34 milliard 600 million so‘m mablag‘ mahalliy byudjetdan ajratildi, – deydi  M.Ahmedov. – Jami 12 ta melioratsiya ob’ektlarida ta’mirlash tiklash ishlari olib borildi. Bu loyiha doirasida 642 kilometr ochiq kollektor, 80 kilometr yopiq-yotiq drenaj tarmoqlarida tozalash va ta’mirlash ishlari olib borildi. 381 dona meliorativ kuzatuv quduqlarda “Dayver” qurilmalari o‘rnatildi.  

Jumladan, viloyatning Koson tumanidan o‘tuvchi R-26  kanali 1985 yilda qurilgan. Umumiy uzunligi – 25,7 kilometr bo‘lib, shundan 10,1 kilometri beton va 15,6 kilometr qismi tuproq o‘zanli. Suv o‘tkazish qobiliyati – 44,0 m3/s tashkil qiladi. Ushbu kanal orqali tumandagi Chiroqchi, Surxon, Jarqum, Maydayobi, Andabozor hududlaridagi 16 ming 875 gektar ekin maydonlari sug‘oriladi.    

Muammo shundaki, R-26  kanali qurilganidan beri kapital ta’mirlanmaganligi  evaziga  kanalning PK0+00 dan PK-156+00 gacha 15,6 kilometr qismining beton qoplamalari  yaroqsiz holga kelib qolgan. Shu sababli kanalga loyiha miqdoridagi suvni o‘tkazish imkoniyati  yo‘qolib, kanalning foydali ish koeffitsiyenti 65 foizga tushib qolgan. Natijada ushbu kanalga bog‘langan fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqa yer maydonlarini kafolatli suv bilan ta’minlashda muammolar vujudga kelib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi.    

Joriy yilda dastur asosida R-26 kanalining   PK0+00 dan PK156+00 gacha 15,6 kilometr qismining beton qoplamasini rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi. Natijada kanalning foydali ish koeffitsiyenti 65 foizdan 90 foizgacha ko‘tarilib, suvning tezligi oshishi hisobiga filtratsiyaning oldi olinishi natijasida yiliga o‘rtacha 13,5 million m3 suv iqtisod qilinib, fermer xo‘jaliklari hamda aholining 16 ming 875 gektar yer maydonlari kafolatli suv bilan ta’minlanishiga erishildi.  

Tumandagi Surxon hududining rahbari Muzaffar Zoirov hududdan o‘tgan R26 kanalining ta’mirdan avvalgi holati xususida gapirarkan, suvning asosiy qismi yerga singib ketishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Betonlashtirish ishlaridan so‘ng ahvol anchagina yaxshi tomonga o‘zgarganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.  

– Kanalning betonlanishi oqibatida, suv yetib bormaydigan joylarimizga ham oqova suv yetib bormoqda, – deydi  Surxon hududi MTP raisi Muzaffar Zoyirov. – Hududimizda 3 ming gektar yer maydoni mavjud. Shundan joriy yilda 1 ming 465 gektar yerga g‘alla ekkanmiz. Hammasi unib chiqqan. 127 ta fermer xo‘jaligi bor. Ular ham juda minnatdor. Kanal suvining barqaror kelishi natijasida qishloq xo‘jaligida ekiladigan ekinlarning hosildorligi oshishiga zamin yaratilib, fermer va dehqon xo‘jaliklarimiz tomonidan aholini arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga imkon yaratiladi.  

Suvni tejash, undan oqilona foydalanish tabiiyki qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan barqaror ta’minlashga xizmat qiladi. Qolaversa, betonlashtirish borasida boshlangan ishlar ham o‘z natijasini bermoqda. Joriy yilda viloyatda ushbu tadbirlar natijasida o‘rtacha 350 million kub metrgacha suv iqtisod qilingani esa fikrlarimiz isbotidir.  

Viloyatda bu boradagi ishlar davom ettirilib, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa pirovard natijada qishloq xo‘jaligida mahsuldorlikni oshirish hamda sug‘oriladigan ekin maydonlarining meliorativ holatini saqlanib qolishida muhim ahamiyat kasb etadi.  

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri