Kanadadan Seutagacha: Yevropa o‘zini qanday himoya qilmoqchi?
Yevropa Ittifoqi o‘zgarib borayotgan xavfsizlik va siyosiy muhitga javoban yangi hamkorlik va himoya mexanizmini shakllantirmoqda. Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Strasburgdagi Ittifoq holatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda bir soatlik nutq so‘zladi. Ma’ruza matnidan Kanadaga “assotsiatsiyalangan a’zolik” maqomini taklif qilish, gibrid hujumga qarshi NATOning 4-moddasiga o‘xshash mexanizm yaratish kabi tashabbuslar ilgari surildi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibati, sun’iy intellekt va bolalar uchun internet xavfsizligi hamda ommaviy migratsiya oqimiga javob choralari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Kanadaga taklif etilgan yangi maqom YeI va Ottava o‘rtasida iqtisodiy xavfsizlik, mudofaa, energetika, ilg‘or texnologiya, muhim minerallar va Arktika bo‘yicha hamkorlik chuqurlashishini nazarda tutadi. Iqlim borasida fon der Lyayen 2026-yil yozida Yevropada 660 000 gektar maydon yongani, 12 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti yo‘qotilgani va issiq to‘lqin oqibatida 35 000 dan ortiq bevaqt o‘lim qayd etilganini keltirdi. Issiq to‘lqinga qarshi reja, iqlim sug‘urtasi alyansi va suv tashabbusini taklif qildi. Xavfsizlik sohasida esa kiber hujum, ig‘vo, o‘t qo‘yish va dron bilan bog‘liq hodisalar ko‘payib borayotganini aytib, Yevropa Xavfsizlik Kengashini tuzish g‘oyasini ham o‘rtaga tashladi.
Texnologiya sohasida Yevropa komissiyasi 13 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqqa kirishni taqiqlash, 15 yoshgacha esa foydalanishni cheklash ko‘zda tutilgan “YeI bolalar to‘g‘risidagi qonuni”ni ilgari surmoqda. Sun’iy intellekt bo‘yicha eng ilg‘or modellarni nazorat qilish, mavjud xavfsizlikni baholash va erta ogohlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligiga urg‘u berildi.
Migratsiya masalasida esa fon der Lyayen YeI Seutadagi inqirozdan keyin chegaradagi ommaviy oqimga favqulodda javob berish mexanizmini yaratish taklifini kiritib, chegaralar inson huquqi va qadriyatiga amal qilingan holda himoyalanishini bildirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA