Kanada Qirg‘izistonda oltin qazib olish loyihalariga ulkan sarmoya kiritadi
Kanadaning “Silvercorp Metals” konchilik kompaniyasi Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi Chaarat konini rivojlantirishga 556 million dollar sarmoya kiritadi.
Investitsiya ikki loyihaga yo‘naltiriladi. 2026-2028-yillar oralig‘ida “Tulkubosh” konida yiliga 4 million tonnagacha rudani qayta ishlash, 3 tonnadan ziyod oltin ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan 156 million dollarlik zavod quriladi. “Qiziltosh” konida esa 2028-2031-yillar oralig‘ida barpo etiladigan yirik korxona uchun 400 million dollar ajratiladi. Yiliga 4 million tonnagacha xom ashyoni qayta ishlaydigan ushbu majmuada ishlab chiqarish hajmi 5,9-7,1 tonnani tashkil qiladi.
Shu yil yanvar oyida “Silvercorp Metals” “Chaarat” aksiyasining 70 foizini 92 million dollarga sotib olgan. Qolgan 30 foiz ulush davlatga qarashli “Qirg‘izoltin” konserniga tegishli.
S.Rahimov, O‘zA