Kanada – Oʻzbekiston: Bo'lajak raqibimiz haqida nimalarni bilish kerak?
Jch.uza.uz portali raqib jamoaning so‘nggi holati, tarkibiy o‘zgarishlari va tarixiy statistikasini taqdim etadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining bo‘lajak raqibi — Kanada erkaklar milliy terma jamoasi (CANMNT) ayni kunlarda o‘z tarixidagi eng yorqin va mas’uliyatli davrga hozirlik ko'rmoqda. Shimoliy Amerika qit’asining ushbu yetakchi vakili AQSH va Meksika bilan birgalikda mezbonlik qiladigan JCH-2026 startiga sanoqli kunlar qolganda, tayyorgarlikning yakuniy bosqichiga kirishdi.
Jch.uza.uz portali raqib jamoaning so‘nggi holati, tarkibiy o‘zgarishlari va tarixiy statistikasini taqdim etadi.
1. JCH-2026 bo‘sag‘asidagi Kanada: So‘nggi yangiliklar

Kanada futbol federatsiyasi JCH-2026 musobaqasidagi guruh bosqichi o‘yinlari oldidan jamoaning asosiy qarorgohi sifatida Vankuver shahridagi Britaniya Kolumbiyasi universiteti qoshidagi Milliy futbolni rivojlantirish markazini tanladi.
Ayni kunlarda jamoa bosh murabbiyi Jessi Marsh boshchiligidagi 32 nafar futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkib Shimoliy Karolina shtatining Sharlott shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda. Rejaga ko‘ra, 29-may kuni Kanada terma jamoasining jahon chempionatida qatnashadigan yakuniy rasmiy qaydnomasi e’lon qilinadi. Shundan so‘ng jamoa o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida ikkita rasmiy o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi:
2-iyun (Toshkent vaqti bilan): Edmontondagi "Commonwealth Stadium"da O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi;
5-iyun: Monrealdagi "Stade Saputo"da Irlandiya Respublikasiga qarshi.
Jismoniy holat bo‘yicha eng og‘riqli yangilik — jamoa sardori va asosiy yulduzi Alfonso Devis joriy yilning mart oyida tizzasidan jiddiy jarohat olganiga qaramay, u tiklanish jarayonini yakunlamoqda va guruh o‘yinlarigacha safga qaytishi kutilmoqda.
Joriy haftada Kanada futbol federatsiyasi bosh murabbiy Jessi Marsh bilan shartnomani muddatidan oldin 2030-yilgi Jahon chempionati yakuniga qadar uzaytirganini e'lon qildi.
2. Murabbiy va taktik uslub

Amerika futbolining eng ko‘zga ko'ringan mutaxassislaridan biri Jessi Marsh jamoani 2024-yilda qabul qilib olgan edi. Uning qo‘l ostida "Qizillar" katta o‘sishga erishdi. Xususan, 2024-yilgi Amerika Kubogida (Copa América) Kanada sensatsion tarzda yarim finalgacha yetib borib, turnirda 4-o‘rinni egalladi.
Marsh boshqaruvida jamoa FIFA reytingida o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri — 26-o‘ringacha ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi (ayni paytda 30-o‘rinda).
Taktik yondashuv: Jessi Marsh asosan zamonaviy 4-4-2 sxemasidan foydalanadi. Uning o‘yin falsafasi yuqori va agressiv pressing, jamoaviy zichlik, tezkor vertikal qarshi hujumlar hamda Alfonso Devis va Tejon Bukenen kabi qanot himoyachilarining maksimal tezligidan unumli foydalanishga asoslangan.
3. Tarixiy rekordlar: Eng ko‘p o‘yin va eng ko‘p gol
Kanada futboli uzoq yillar davomida autsayder maqomida bo‘lgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda mutlaqo yangi darajaga chiqdi. Terma jamoa tarixidagi bosh ko‘rsatkichlar quyidagicha:
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi

Terma jamoa safida eng ko‘p maydonga tushish bo‘yicha mutloq rekordchi afsonaviy yarim himoyachi Atiba Xatchinson hisoblanadi. U uzoq yillar davomida Turkiyaning "Beshiktosh" klubida to‘p surib, Kanada safida 104 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushgan va 2023 yilda faoliyatini yakunlagan.
Eng ko‘p gol urgan futbolchi

Kanada tarixidagi eng yaxshi to‘purar unvoni ayni paytda 26 yoshda bo‘lgan va Italiyaning "Yuventus" klubi hujumchisi hisoblangan Jonatan Devidga tegishli. U terma jamoa safida 39 ta gol urishga ulgurdi. Ikkinchi o‘rinda esa Ispaniyaning "Malorka" klubi forvardi Kayl Larin bormoqda - 30 ta gol.
Boshqa muhim statistik ma’lumotlar:
Eng yirik g‘alabasi: 11:0 (Kayman orollari ustidan, 2021-yil 29-mart).
Eng yirik mag‘lubiyati: 0:8 (Meksikadan, 1993-yil 18-iyul).
FIFA reytingidagi eng yuqori o'rin: 26-o‘rin (2025-yil sentyabr).
4. Jamoaning yetakchi yulduzlari
Bugungi Kanada tarkibi Yevropaning top-klublarida yetakchi bo‘lgan yosh avloddan iborat.
Alfonso Devis (25 yosh, "Bavariya"): Jamoa sardori, dunyoning eng tezkor chap qanot himoyachilaridan biri. Terma jamoada ko‘proq hujumkor vinger vazifasini bajaradi.
Jonatan Devid (26 yosh, "Yuventus"): Jamoaning "to‘qqizlik" hujumchisi. Terma jamoada yuqori samaradorlik ko‘rsatib kelayotgan asosiy gol-mashina.
Stiven Eustakio (29 yosh, "Portu"): Jamoaning vitse-sardori va markaziy yarim himoya yetakchisi. O‘yin tempini nazorat qiluvchi eng barqaror figura.
Tejon Bukenen (27 yosh, "Vilyarreal"): O‘ng qanotda individual qobiliyati bilan ajralib turuvchi xavfli vinger.
5. Kanada terma jamoasining JCH-2026 taqvimi
Mezbon sifatida Kanada guruh bosqichini o‘z maydonlarida o‘tkazadi. Qur’a natijalariga ko‘ra, ular "B" guruhidan joy olgan:
Kanada - Bosniya va Gersegovina
12-iyun, «Toronto Stadium» (Toronto)
Kanada - Qatar
18-iyun, «BC Place» (Vankuver)
Kanada - Shvetsariya
24-iyun, «BC Place» (Vankuver)
Kanada o‘z tarixida uchinchi bor (1986 va 2022-yillardan keyin) jahon chempionatida qatnashmoqda. Avvalgi ikki urinishda jamoa guruhdan chiqa olmagan. Bu safar Jessi Marsh shogirdlari o‘z uylarida tarixiy natija — pley-off bosqichiga yo‘llanmani ko‘zlashgan.
2-iyun kungi O‘zbekistonga qarshi kechadigan bahs kanadaliklar uchun guruh o‘yinlari oldidan o‘z taktik sxemalarini sinovdan o‘tkazadigan jiddiy imtihon vazifasini o‘tab beradi.