Faol tadbirkorlar
Kuni kecha Jizzaxda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni keng nishonlanib, bayram tadbirida men kabi dehqon, fermer, chorvador, bog‘bon va qishloq xo‘jaligining boshqa sohalari vakillari mehnatlari alohida e’tirof etildi.
Shunday ajoyib tadbirlarda mendek oddiy bir qishloq tadbirkori old qatorlarda o‘tirib, yana kamtarona mehnatlari e’tirof etilishi, to‘g‘risi, insonni faxrlantiradi.
Joriy yil 20 avgust kuni davlatimiz rahbarining Nukus shahrida yurtimiz tadbirkorlari bilan uchrashuvi esa men uchun hayotimdagi unutilmas tarixiy voqea bo‘lib qoldi. Zero, aynan o‘sha uchrashuvda davlatimiz rahbari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvoniga sazovor bo‘lganimni e’lon qilib, “Siz mamlakatimizning ushbu mukofot bilan taqdirlangan birinchi ayol ishbilarmoni bo‘ldingiz”, deya ta’kidlaganlari hali-hamon quloqlarim ostida jaranglab turadi.

Bundan 15 yil muqaddam ro‘zg‘ori kam-ko‘stini butlash uchun kichik hovlisida o‘zi o‘stirgan gullarni bozorga olib chiqib sotib, kun ko‘radigan qishloqning oddiygina qizi edim.
...Kunlarning birida o‘sha vaqtda Jizzax viloyati hokimi Shavkat Mirziyoyev bozorga tashrif buyurdi va yaqinimga kelib, gullarimni ko‘zdan kechirdi. U insonning “Singlim, gulchilik ajoyib hunar, ishingizni rivojlantiring, bu sohaning kelajagi porloq” degani hamon yodimda.
Ana shu voqeadan so‘ng Sharof Rashidov tumanidan 25 gektar yer olib, “Xolmo‘minov Zohid” fermer xo‘jaligini tashkil etdik. Gullar, maysalar, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullana boshladim.
Keyinchalik jamoamiz kengayib, ko‘p tarmoqli – “Olmachi shunqorlari” ishlab chiqarish kooperatsiyasiga aylandi. Avval yakka o‘zim ishlagan bo‘lsam, yonimga kirgan 150 nafarga yaqin yoshga 20-25 sotixdan yer ajratib, ularning daromad topishi uchun imkon yaratib berdim. Bu qiz-juvonlar ko‘chatlar orasiga mavsumiy ekinlar ekish, quyonchilik, parrandachilik orqali iqtisodiy ahvollarini yaxshilay boshlashdi.
Jizzaxda meni ko‘pchilik “Gulchi opa”, deb ataydi. Shu sabab keyinroq tashkil qilingan agroklasterga “Gulchi opa – tomorqa xizmati” degan nom tanladik. Bugun ana shu tuzilma ko‘magi bilan 115 nafar xotin-qiz doimiy, yana 200 nafari mavsumiy ishli bo‘lgan.
“Olmachi” mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi bo‘lib ham faoliyat yuritayapman. Joriy yilgi saylovda saylovchilarim katta ishonch bildirib, Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashiga deputat etib saylashdi. O‘ylaymanki, bu bilan mas’uliyatim ikki hissa oshdi va bu ishonchni oqlash uchun bor kuch-g‘ayratimni ayamay mehnat qilishga kirishdim.
Ishni ijtimoiy daftarlar va reyester ro‘yxatiga kiritilgan fuqarorlar, ayniqsa, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashdan, ularni kambag‘allik darajasidan farovon hayot sari yetaklashdan boshladim.
Prezidentimiz yaqinda Oliy Majlisda bo‘lib o‘tgan majlisda 2025 yilni O‘zbekistonda “Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Bu men kabi qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlarga katta ruh, ilhom berdi.
Shu bugungacha band bo‘lmagan, uyida bekor o‘tirgan, ishi yo‘q xotin-qizlarimizga beg‘araz tarzda tomorqachilik, birinchi galda gulchilik va ko‘chatchilik “sirlari”ni o‘rgatib kelyapman. Bugungacha ushbu kurslarda 2 ming nafardan ortiq xotin-qiz bu boradagi bilim, ko‘nikma va tajribalarini oshirishdi. Ular orasida nafaqat Jizzax, balki boshqa viloyatlar, hatto Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan dugonalarim ham borligi, kamtarona mehnatim bilan yurtdoshlarim koriga yarayotganim qalbimga quvonch va mamnunlik baxsh etadi.
So‘nggi yetti-sakkiz yil ichida “Eng yaxshi tomorqachi” ko‘krak nishoni, “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovor bo‘ldim. O‘tgan yili nufuzli tanlovning “Eng ko‘p ish beruvchi ayol” nominatsiyasida g‘olib chiqib, Prezident sovg‘asi – “Jentra” avtomobili bilan taqdirlandim. Yurtboshimizning tashabbusi bilan ta’sis etilgan yuksak mukofot – “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvoniga birinchilardan bo‘lib munosib ko‘rildim.
Aziz o‘quvchilar, mening bu mulohazalarimni aslo maqtanishga yo‘ymang. Bularning barchasi dilimdan chiqqan gaplardir. O‘zbekistonda inson qadri yuqori darajaga ko‘tarilmoqda. Endi hech bir insonning halol mehnati besamar va beiz ketmaydi. Bu haqiqat men – oddiy bir qishloq ayolining hayoti va faoliyati misolida yaqqol isbotini topganini ta’kidlamoqchiman, xolos.
Sharofat Noriyeva,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor.
O‘zA