Kamtarin, xokisor, mehribon, ayni paytda zahmatli ijodga butun borlig‘i bilan berilgan adib Luqmon Bo‘rixon hayot bo‘lganida 60 yoshni qarshilagan bo‘lar edi. Bugun uning hayoti nasriy asarlarida, adabiyot muxlislarining porloq xotiralarida davom etmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, atoqli yozuvchi Luqmon Bo‘rixon tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi hamda adibning “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda uyushma raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar milliy adabiyotimiz rivoji fidoyi adib va shoirlarning faol ijodi bilan bevosita bog‘liq ekani, bunda atoqli adib Luqmon Bo‘rixon kabi zahmatkash adiblarning ham munosib hissasi bor ekanini ta’kidladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar adibning ijodiy faoliyati, asarlarining mohiyati to‘g‘risida atroflicha so‘zladi. Yozuvchi bilan bog‘liq hayotiy, ijodiy xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Luqmon Bo‘rixon ijodiga mansub “Tanlangan asarlar“ kitobining mohiyati haqida batafsil so‘z yuritildi.
Ushbu to‘plam Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Sahhof” nashriyotida chop etilgan. Tahrir hay’ati – Sirojiddin Sayyid, Ibrohim G‘afurov, Ahmadjon Meliboyev, Kengesboy Karimov, Erkin A’zam, Usmon Azim, Bahodir Karimov, Nurboy Jabborov, Shuhrat Rizayev, Minhojiddin Mirzo, Nodir Jonuzoq, G‘ayrat Majid. Nashrga tayyorlovchi – G‘iyosiddin O‘narov.
[gallery-21824]
Kitobga jamlangan asar qahramonlari hayoti hech kimni befarq qoldirmaydi. Ularning ishq-muhabbati, hayotiy kechinmalari, botiniy holatlari yuksak mahorat bilan tasvirlanadi. Adib ular orqali barchani ezgulikka chorlaydi.
Ushbu to‘plamdan “Imom Moturidiy“, “Jaziramadagi odamlar“ romanlari, “Sirli muallim“, “Quyosh hali botmagan“ qissalari, “Tokchadagi tumor“, “Ovchi qismati“, “Kutilgan kuni“ kabi qator hikoyalari o‘rin olgan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, atoqli yozuvchi Luqmon Bo‘rixon 1965 yilning 15 fevralida Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi Yangiobod qishlog‘ida tug‘ilgan edi.
Adibning 1987 yili “Begimqul katta” nomli ilk hikoyasi “Yoshlik” jurnalida chop etilib, ustozlar, adabiyot muxlislari nazariga tushgan. 1991 yili “Cho‘lpon” nashriyoti tomonidan muallifning “Yalangoyoq” deb nomlangan ilk hikoyalar to‘plami nashr etildi.
Luqmon Bo‘rixonning 2005 yilda “Jaziramadagi odamlar” nomli romani, 2006 yili “Sirli muallim” nomli qissasi, 2007 yilda “Hizr ko‘rgan yigit” qissalar va hikoyalar to‘plami, 2009 yili “Temiryo‘l” romani, 2012 yilda “Tun qa’ridagi shu’la” nomli qissa va hikoyalar to‘plami, “Buyuk o‘zbek yo‘li” badiiy publitsistik maqolalar jamlanmasi o‘quvchilar hukmiga havola etildi.
Luqmon Bo‘rixon keyinchalik “Olov tutgan odam”, “Begonalar yurmas bu yerda” kabi romanlari bilan adabiy jamoatchilik e’tiborini qozondi.
Yozuvchining, ayniqsa, buyuk alloma Imom Moturidiy hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Imom Moturidiy” deb nomlangan romani adabiyot ixlosmandlarida, keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu asarida yozuvchi olis X asr boshlaridagi ko‘hna Samarqandning siyosiy-ijtimoiy, ma’rifiy hayotidan ayrim lavhalarni qalamga oladi. Ulug‘ ajdodlarimizdan biri, mashhur alloma Abu Mansur Moturidiyning badiiy siymosini aks ettirishga urinadi. Asar dramatik voqealarga, qiziqarli, sermazmun bahs-munozaralarga boy. “Imom Moturidiy” romani Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “2022 yilning eng yaxshi asari” sifatida e’tirof etildi va ijodiy tanlovning bosh mukofotiga loyiq ko‘rildi.
Adibning 2022 yilda chop etilgan “Sokin daryo” romani ham o‘quvchilarni befarq qoldirmadi. Muallif ushbu asarida davrimizning atoqli olimlaridan birining hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi. Bugungi yoshlarimizga ibrat bo‘ladigan qahramon siymosini badiiy bo‘yoqlarda yorqin tasvirlab berdi.
Luqmon Bo‘rixon 2007 yilda “Shuhrat” medali, 2012 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
Anjumanda fidoyi va zahmatkash adib Luqmon Bo‘rixonning ijodi, hayot yo‘li, asarlari, u bilan bog‘liq yorqin xotiralar yodga olindi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA