“Kamolot-tur” velomarafoni yakunlandi
Poytaxtimizda “Kamolot-tur” VIII yoshlar velomarafonining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda “Kamolot-tur” VIII yoshlar velomarafonining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.Mazkur an’anaviy musobaqa “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Velosport federatsiyasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi kabi qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularni sportga keng jalb qilish hamda mamlakatimizda velosportni yanada ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida yurtimizda har tomonlama sog‘lom va barkamol avlod voyaga etib, ular orasida iste’dodli sportchilar yetishib chiqmoqda.
Bu jarayonda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. “Yozgi ta’til”, “Quvnoq startlar”, “Shunqorlar”, “Kamolot” shaxmat taxtasi» kabi sport tadbirlari, festivallar millionlab bolalar va yoshlarni jismoniy sog‘lomlashtirishga jalb etish imkonini bermoqda.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Kamolot-tur” velomarafoni ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilayotir.
Bu yilgi velomarafon ham yoshlarda sportning ushbu turiga qiziqish oshayotganini namoyish etdi. Buni musobaqa qatnashchilari safi kengayib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Velomarafonning hududiy bosqichlarida g‘alaba qozongan 42 yosh velopoygachi poytaxtlik havaskor velosportchilar bilan birga 13 kilometrlik masofani bosib o‘tdi.
Farg‘onalik Abdulaziz Ergashev, xorazmlik Mahmudjon Sharipov, qashqadaryolik Arslon Tursunov, toshkentlik Javohir Egamberdiyev, Anvar Ahmadaliyev, Toshkent viloyatidan Doston Ollomov, andijonlik Muhammadaziz Tursunboyev, Mansur Yo‘ldoshev, navoiylik Valeriy Karakulin g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Velomarafon ishtirokchilari “Eng yosh poygachi”, “Faxriy velopoygachi”, “Eng mahoratli texnik velopoygachi”, “Eng irodali velopoygachi” va “Velopoygachilar oilasi” nominatsiyalari bo‘yicha ham taqdirlandi.