Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi kimlarga beriladi?
O‘zbekistonda kechayotgan yangi rivojlanish yo‘lida san’at sohasini ham yuksaltirishga katta e’tibor qaratilayapti.
M u n o s a b a t
Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 21 aprelda qabul qilingan “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror buning amaldagi yorqin ifodasidir.
Milliy tasviriy va amaliy san’atimiz istiqbolini belgilab bergan ushbu qaror joriy yilda tavalludining 565 yilligi mamlakatimizda keng nishonlangan buyuk musavvir Kamoliddin Behzodning boy ijodiy merosini nafaqat xalqimizga to‘la yetkazish, balki ijodiy faoliyat va badiiy ta’limni yanada rivojlantirish, sohada ulug‘ miniatyurasoz izdoshlarini tarbiyalashda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 6 noyabrda “Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat stipendiyasini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror oliy ta’lim muassasalarida tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishida ta’lim olayotgan iqtidorli va ijodkor talabalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash hamda munosib taqdirlash, sohada faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish, soha samaradorligini oshirishga ham yo‘naltirilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’lim sohasi ixtisoslashtirilgan taqdirdagina kadrlar siyosati samara berishi mumkin. Ko‘p yillar davomida mutaxassislar taqdiri nomutaxassislar tomonidan hal qilinishi nafaqat ta’lim sifati pasayishiga sabab bo‘ldi, balki munosib zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlar taqchilligini ham vujudga keltirdi. Shu jihatdan olganda, soha bo‘yicha tub islohotlarni amalga oshirish, mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor berish – dolzarb masalalardan biridir.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizom aynan soha va soha egalarining o‘ziga xos xususiyatlari va tabiatini inobatga olibgina qolmay, mamlakatimiz miqyosida tasviriy va amaliy san’at, muzeyshunoslik va san’atshunoslik yo‘nalishlarida tayyorlanayotgan kadrlarning talab darajasida yetishib chiqishiga doir muammolar yechimini topuvchi natijaviy xususiyatga egadir.
Jumladan, endilikda talabalarning badiiy ta’lim sohasida amaliy jihatdan konferensiyalarda emas, ko‘prok ko‘rgazmalarda ishtirok etishi, san’atshunoslarning kelajakda tasviriy va amaliy san’at sohasidagi festival, biyennale va ko‘rgazmalarni tashkil etishda asosiy o‘rinni egallashiga urg‘u beriladi, rassom-talabaning salohiyati ijodiy ishda namoyon bo‘lishi hisobga olinib, uning ijodiy ishlari hamda mutaxassislik fanlarini qay darajada o‘zlashtirganiga birlamchi xususiyat sifatida qaraladi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat stipendiyasini tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, stipendiya kvotasi dastgohli rangtasvir, rangtasvir (turlari bo‘yicha), grafika va miniatyura, haykaltaroshlik (turli bo‘yicha), amaliy san’at, dizayn, san’atshunoslik va muzeyshunoslik kabi ta’lim yo‘nalishlarining har biri bo‘yicha bittadan alohida-alohida taqsimlanadi.
Davlat stipendiyasini tayinlashning baholash mezonlarida esa talabgorning tahsil davrida viloyat, respublika va xalqaro miqyosda shaxsiy ko‘rgazma tashkil etganligi, soha bo‘yicha xalqaro va respublika darajasidagi ko‘rgazma, biyennale, festival, simpozium singari yirik madaniy tadbirlarda ishtiroki va qanday natijalarga erishgani, o‘quv jarayonida mutaxassislik fanlarini a’loga o‘zlashtirgani hamda o‘zbek milliy san’atini targ‘ib qilishga qo‘shgan hissasi inobatga olinadi.
O‘ylaymizki, ushbu qaror nafaqat soha bo‘yicha tasviriy va amaliy san’atga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, balki ularning Kamoliddin Behzoddek buyuk ajdodimizga munosib avlod bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi, keng yo‘l ochadi.
Feruza OBIDJONOVA,
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
bosh ilmiy kotibi.
O‘zA