Kameral soliq tekshiruvlari 1,4 foiz tadbirkorni qamrab oldi
Soliq tizimida shaffoflikni ta’minlash va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish bugungi kunda davlat moliya siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar asosida amalga oshirilayotgan kameral soliq tekshiruvlari soliq ma’murchiligini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
So‘nggi yillarda ushbu tizim orqali tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy faoliyati tahlil qilinib, hisobotlardagi nomutanosibliklar va ehtimoliy xato-kamchiliklar aniqlanmoqda. Bu esa soliq intizomini mustahkamlash hamda davlat byudjeti daromadlarini barqaror ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda 7,4 mingta soliq to‘lovchida kameral soliq tekshiruvlari o‘tkazildi. Bu respublika bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan 529,3 mingta tadbirkorlik sub’ektining 1,4 foizini tashkil etadi.
Soliq organlari ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tekshiruvlar natijasida jami 6,5 trillion so‘mlik farq (tafovut) holatlari aniqlangan hamda tegishli soliq to‘lovchilarga rasmiy talabnomalar yuborilgan.

Aniqlangan farqlar asosan qo‘yidagi soliq turlariga to‘g‘ri keladi. QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) — 3,4 trillion so‘m, foyda solig‘i — 1,9 trillion so‘m, aksiz solig‘i — 576,2 milliard so‘m, daromad solig‘i — 156,2 milliard so‘mni tashkil etgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar soliq hisobotlaridagi nomutanosibliklar va ayrim hollarda deklaratsiyalarda to‘liq aks ettirilmagan tushumlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, eng yirik tafovutlar quyidagi yo‘nalishlarda qayd etilgan. Umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi — 2,8 trillion so‘m, ishlab chiqarish — 1,7 trillion so‘m, qurilish — 1,2 trillion so‘m, transport — 279,9 milliard so‘m, qishloq xo‘jaligi — 207,8 milliard so‘mni tashkil etgan.
Kameral soliq tekshiruvlarining asosiy xususiyati shundaki, ular tadbirkorning ish faoliyatiga bevosita aralashmagan holda, elektron ma’lumotlar tahlili orqali amalga oshiriladi. Bu esa soliq tizimida shaffoflikni oshirishga qaratilgan zamonaviy yondashuv hisoblanadi.
Aniqlangan 6,5 trillion so‘mlik tafovutlar soliq intizomiga rioya qilish, hisobotlarni to‘g‘ri yuritish va raqamli nazorat tizimlarini yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, tekshiruvlar qamrovi 1,4 foiz bilan cheklangani soliq ma’murchiligida riskka asoslangan yondashuv qo‘llanilayotganidan dalolat beradi. Ya’ni, asosiy e’tibor ehtimoliy xatar yuqori bo‘lgan sub’ektlarga qaratilmoqda.
Kameral soliq tekshiruvlari natijalari mamlakatda soliq intizomini mustahkamlash va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish yo‘lida tizimli ishlar davom etayotganini ko‘rsatadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA