Kameral nazorat: tadbirkorga ko‘mak
Tadbirkorlik subyektlarini tekshirish tizimi tubdan takomillashayotgani ularning erkin faoliyat yuritishiga keng yo‘l ochmoqda. Natijada xususiy sektor jadal rivojlanib, nafaqat yalpi ichki mahsulotni shakllantirish, balki aholi bandligi va daromadlari manbaining, farovonlikka erishishning muhim omiliga aylandi.
Tadbirkorlik subyektlarini tekshirish tizimi tubdan takomillashayotgani ularning erkin faoliyat yuritishiga keng yo‘l ochmoqda. Natijada xususiy sektor jadal rivojlanib, nafaqat yalpi ichki mahsulotni shakllantirish, balki aholi bandligi va daromadlari manbaining, farovonlikka erishishning muhim omiliga aylandi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Mazkur hujjatga muvofiq tadbirkorlar faoliyatiga aralashuvlar yanada cheklandi. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda rejali tekshirishlar qisqartilishi bilan birga, ularning davriyligi aniqlashtirildi. Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash jinoyatini birinchi marta sodir etgan, jinoyat aniqlangandan keyin 30 kun ichida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan, penya va boshqa turdagi moliyaviy sanksiyalarni to‘lagan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmaydi va u javobgarlikdan ozod qilinadi. Bunday imkoniyatlar xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
– Soliq qonunchiligidagi kameral nazorat instituti ham tadbirkorlar uchun yanada bir qulay imkoniyatdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarning pul oqimlari tahlili va soliq hisobotlarini kameral nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Zarif Aminov. – Keyingi yillarda soliq idoralarida mazkur institutdan keng foydalanilayotgani tadbirkorlar manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilayotir.
Kameral so‘zi lotincha bo‘lib, uyda ma’nosini anglatadi. Demak, kameral nazorat o‘rganilayotgan obyektda emas, balki soliq organi idorasida, axborot texnologiyalari yordamida o‘tkaziladi.
Ushbu nazorat turi, samaradorligi va aniqligi bilan hujjatli tekshirishlardan qolishmaydi. Bunda davlat soliq organlarida mavjud va boshqa tashqi ma’lumotlar tahlil qilinadi, tadbirkor faoliyatiga baho beriladi. Bu jarayonda mamlakatimizda tabirkorlik subyektlari tomonidan topshirilayotgan barcha hisobotlarning elektron tarzda taqdim etilayotgani katta qulaylik yaratayotir. Tadbirkorlar taqdim etayotgan ma’lumotlarning to‘g‘riligiga oid yordamchi ma’lumotlar yoki xatolarni to‘g‘rilash yo‘nalishlari soliq organlari tizimidagi dasturlarda mavjudligi subyektlarning qo‘shimcha himoyasini ta’minlaydi.
Shu jihatdan soliq organlari amaliyotida kameral nazoratni amalga oshirish uchun shart-sharoit yetarli. Bu tadbirkorni ham, soliqchini ham ortiqcha ovoragarchilik va moliyaviy yo‘qotishlardan saqlaydi.
Kameral nazorat paytida noaniqlik va tafovutlar yuzaga kelganda, soliq to‘lovchilarga yozma ravishda talabnoma yuboriladi. Ular o‘z navbatida aniqlangan tafovut sabablarini yoki yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf qilingani to‘g‘risida soliq organlariga o‘n ish kuni ichida ma’lumot taqdim etishi zarur.
Muhimi, qonunchiligimizga ko‘ra kameral nazorat paytida aniqlangan tafovut yoki yo‘l qo‘yilgan xato uchun xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan hech qanday ma’muriy yoki moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi. Bu borada ayrim davlatlar qonunchiligida ma’muriy hamda moliyaviy jarima ko‘zda tutilganini inobatga olsak, milliy qonunchiligimizning afzalligi, tadbirkor uchun qulayligi yaqqol oydinlashadi.
Demak, qonunlarimiz jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchiga aylanib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillariga har tomonlama ko‘mak berib, mustahkam himoya vazifasini o‘tamoqda.