Kamchiliklar ko‘p, ammo imkoniyat bor
Jizzax shahrida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyatida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish va eksport prognoz ko‘rsatkichlari ijrosini ta’minlash sohasidagi dolzarb vazifalar ijrosini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Respublika Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari B.Valiyev, Jizzax viloyat hokimi E.Saliyev, mutasaddi tashkilot rahbarlari, shahar va tuman hokimlari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Unda viloyatda amalga oshirilayotgan va joriy yilda ishga tushirilishi belgilangan xorijiy investitsiya ishtirokidagi loyihalar joyiga chiqqan holda o‘rganilib, ularning o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Jizzax viloyati hokimligida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etishga bag‘ishlangan uchrashuv ham tashkil etildi. Vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklarining rahbarlari, mahalliy hokimiyat vakillari va tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda ishbilarmon doira vakillarining faoliyatida yuzaga kelgan 24 ta muammoli masala muhokama qilindi.


Ushbu muammolarning 11 tasi joyida ijobiy hal qilingan bo‘lsa, o‘rganish vaqt talab etgan 13 ta masala bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga topshiriq berilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri