Kambag‘allikni mehnat va aniq yechim qisqartiradi
Kambag‘allikni qisqartirishda Buxoroda xonadonbay va fuqarobay ishlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Kambag‘allik — oddiy statistik raqam emas. Uning ortida o‘z orzusi, qobiliyati, mehnati va ertangi kuni haqida o‘ylayotgan inson, butun bir oilaning taqdiri turibdi. Shu bois kambag‘allikni qisqartirish masalasiga ham faqat hisobot yoki umumiy ko‘rsatkichlar nuqtai nazaridan emas, har bir xonadon, har bir inson hayoti bilan bog‘liq muhim vazifa sifatida yondashish talab etiladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 3-sentabr kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida esa bu boradagi ishlarni mutlaqo yangi tartibda tashkil etish, natijani umumiy raqamlar bilan emas, inson taqdiri va real daromadi bilan o‘lchash vazifasi qo‘yildi. Bu topshiriq Buxoro viloyatida ham yangi ish uslubiga aylanmoqda. Endilikda asosiy savol “qancha odam hisobga olindi?” emas. Asosiy savol — “qancha inson ishli bo‘ldi, qancha oilada daromad manbai paydo bo‘ldi?”
Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, viloyatda ishlarni umumiy statistika asosida emas, har bir oila va har bir fuqaro bo‘yicha aniq yechim belgilash tamoyiliga o‘tildi.
Viloyat hokimining 2026-yil 4-sentabrdagi qarori bilan viloyat shtabi tarkibi hamda viloyat darajasidagi mas’ullarni hududlarga biriktirish jadvali tasdiqlandi. Viloyat hokimi rahbarligida viloyat shtabi, 13 ta tuman va shaharda esa hokimlar boshchiligida hududiy shtablar tashkil etildi.
516 ta mahallada mahalla “yettiligi”, banklar, bandlik organlari va boshqa mas’ul idoralar ishtirokida ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Joylardagi vazifalarni amalga oshirish uchun 900 nafardan ortiq mutaxassisdan iborat ishchi guruhlar shakllantirildi.
Biroq bu safargi yondashuvning eng muhim jihati — qog‘ozdagi ro‘yxat emas, xonadonning eshigini qoqish bo‘ldi. Ishchi guruhlar har bir xonadonga kirib, fuqaroning haqiqiy bandligi, kasbi va ko‘nikmasi, ishlash istagi, tadbirkorlik tashabbusi, kredit, subsidiya, ssuda, yer va boshqa resurslarga ehtiyojini o‘rgandi.

Dastlab Ijtimoiy reyestrdagi 21 ming 824 ta oiladagi 81 ming 834 nafar fuqaroning holati tahlil qilindi. Ularning 26 ming 640 nafari mehnatga layoqatli ekani aniqlandi. Bunga bandlik platformalarida qayd etilgan 31 ming 444 nafar ishsiz fuqaro qo‘shilib, jami 58 ming 84 nafar inson nomma-nom o‘rganishga olindi.
Natija esa raqamdan ko‘ra muhimroq: 40 ming 242 nafar fuqaroning aniq talabi va unga mos yechim mexanizmi shakllantirildi. Jumladan, 30 ming 527 nafarni legal bandlik va o‘zini o‘zi band qilishga, 4 ming 777 nafarni doimiy ishga, 2 ming 426 nafarni tadbirkorlik va kreditga, 1 ming 763 nafarni kasbga o‘qitish va daromadli mehnatga, 749 nafarni ssuda, subsidiya, yer va boshqa ko‘maklarga yo‘naltirish belgilandi.
Bu raqamlarning har biri ortida bitta insonning o‘zgarishi, bitta oilaning yangi imkoniyati bor. Resurs bor. Endi uni egasini topish kerak.
Yangi tizimning yana bir muhim jihati — fuqaroning ehtiyoji aniqlanib, keyin resurs qidirilmayapti. Aksincha, mavjud imkoniyatlarning o‘zi ham qayta xatlovdan o‘tkazilib, inson talabiga bog‘lanmoqda.
Vakant ish o‘rinlari, kredit va jamg‘arma mablag‘lari, chorva, issiqxona, parrandachilik, mikroloyihalar hamda investitsiya imkoniyatlari yagona resurs bazasi sifatida shakllantirildi. Eng muhimi, har bir resursni “kimga beriladi — nima ish qiladi — qancha daromad oladi — qancha ish o‘rni yaratadi” degan tamoyil asosida manzilli yo‘naltirish tizimi joriy etildi. Demak, endi kreditning o‘zi natija emas. Subsidiyaning ajratilgani ham natija emas. Asosiy natija — ana shu mablag‘ ortidan insonning daromadi oshdimi, oilasi farovonlashdimi, yangi ish o‘rni yaratildimi?
Yangi tizimning dastlabki ikki kunidayoq 13 ming 559 nafar fuqaro bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi. Shundan, 2 ming 441 nafarning bandligi ta’minlandi. 523 nafarni kasb-hunarga o‘qitish boshlandi. 490 nafar fuqaroga 11,9 milliard so‘m kredit ajratildi. 10 ming 105 nafar fuqaroning norasmiy faoliyati legallashtirildi.
Bu yerda yana bir muhim haqiqat namoyon bo‘ladi: ayrim odamlar ishsiz emas, balki rasmiy statistikada ishsiz edi. Bu farq esa juda katta.

Shofirkon tumanining Do‘rmon mahallasida yangi yondashuvning dastlabki amaliy natijasi ko‘zga tashlandi. Yig‘ilishdan keyingi birinchi kunning o‘zida mahalladagi 63 ta kambag‘al oila va 79 nafar ishsiz fuqaro birma-bir o‘rganildi. Natijada 34 nafar fuqaroga aniq daromad manbai belgilab berildi.
15 nafarga jami 81 bosh qo‘y, 8 nafarga sigir, 10 nafarga ixcham issiqxona, 1 nafarga tikuv mashinasi ajratish chorasi ko‘rildi. E’tiborlisi, chorva mollari shu kunning o‘zida xonadonlarga yetkazib berildi.
Ishlash istagini bildirgan 5 nafar fuqaroning 1 nafari obodonlashtirish korxonasiga, 4 nafari “Zarhaltex” MCHJga yo‘naltirildi. Yana 45 nafar fuqaroning amalda ishlab turgani, ammo bandligi norasmiy ekani aniqlandi va ularni legallashtirish choralari ko‘rildi.
Shuningdek, kambag‘al oilalarning kontrakt to‘lovi, uy-joy ta’miri, bog‘cha va o‘quv kurslari bilan bog‘liq ijtimoiy muammolari ham joyida, manzilli tarzda hal etildi.
Bu — “yordam berildi” degan umumiy iboradan ko‘ra ancha katta ma’noni anglatadi. Chunki bu yerda insonning ehtiyoji o‘rganildi, imkoniyati aniqlandi va unga mos yechim berildi.
Armechandagi “ishsizlar” kim edi? G‘ijduvon tumani Armechan mahallasidagi o‘rganish esa xonadonbay ishlashning yana bir muhim jihatini ochib berdi.
Hisobotda 132 nafar fuqaro muammosi yechimsiz deb ko‘rsatilgan edi. Ammo ishchi guruhlar joyiga chiqib, xonadonlarni o‘rgangach, qog‘ozdagi ma’lumot bilan haqiqiy hayot o‘rtasida jiddiy tafovut borligi ma’lum bo‘ldi. Birinchi xonadonda ishsiz deb qayd etilgan fuqaro amalda 60 bosh naslli buqa boqayotgani va yana 3 nafar insonni ish bilan ta’minlayotgani aniqlandi.
Ikkinchi xonadonda qog‘ozda er-xotin ishsiz edi. Ammo amalda 3 sotix issiqxona, 6 ming bosh tuxum yo‘nalishidagi tovuq, 20 bosh mol va hunarmandchilik faoliyati mavjud. Bundan tashqari, yana 2 ming bosh parranda uchun yangi joy qurilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Uchinchi xonadonda esa 2 ming bosh tovuq parvarish qilinib, oilaning uch nafar a’zosi shu faoliyat bilan band ekani ko‘rildi. Bu manzara kishini o‘ylantiradi. Demak, ba’zan muammo ish o‘rni yo‘qligida emas. Muammo — tizim insonning haqiqiy mehnati va daromadini ko‘rmayotganida bo‘lishi mumkin. Shu bois endi fuqaroni faqat ro‘yxatdagi maqomi bilan emas, xonadondagi real faoliyati bilan baholash muhim.

Haqiqiy ishsiz — ishga joylashtiriladi. Norasmiy ishlayotgan — legallashtiriladi. Tadbirkorlik qilayotgan — qo‘llab-quvvatlanadi. Ishlab turgan, ammo imkoniyati cheklangan faoliyat egasiga esa uni kengaytirish uchun resurs beriladi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan boshlangan mazkur yangicha yondashuvning eng katta ahamiyati shundaki, u kambag‘allikka munosabatni o‘zgartirmoqda.
Avval “qancha kishi ro‘yxatga olindi?”, “qancha kredit ajratildi?”, “qancha xonadon o‘rganildi?” degan savollar muhim bo‘lgan bo‘lsa, endi bu savollarning o‘zi yetarli emas. Chunki ro‘yxatdagi raqam insonning hayotini o‘zgartirmaydi. Inson hayotini aniq amaliy yechim o‘zgartiradi.
Shu ma’noda, Buxoroda yo‘lga qo‘yilayotgan xonadonbay va fuqarobay ishlash tizimi oddiy boshqaruv uslubining o‘zgarishi emas. Bu — davlat yordamini insonga yaqinlashtirish, imkoniyatni ehtiyojmand xonadonga yetkazish, mehnat qilayotgan odamni qo‘llab-quvvatlash va eng muhimi, kambag‘allikdan chiqish uchun har bir oilaga o‘z yo‘lini topib berishga qaratilgan yondashuvdir.
3-sentabrdan keyin Buxoro viloyatida ishning mazmuni o‘zgardi: “Ro‘yxat tuzish”dan — xonadonga kirishga, “Muammoni qayd etish”dan — aniq yechim berishga, “Kredit ajratildi” degan hisobotdan — real daromadga, “Band qilindi” degan raqamdan — barqaror mehnatga o‘tish boshlandi. Endi mezon ham boshqacha. Qancha xonadon xatlov qilingani emas — xatlovdan keyin qancha inson ishli bo‘ldi? Qancha kredit berilgani emas — shu kredit ortidan qancha daromad paydo bo‘ldi? Qancha fuqaro ro‘yxatdan chiqarilgani emas — qancha oila o‘zini o‘zi ta’minlaydigan darajaga yetdi? Ana shu savollar yangi tizimning haqiqiy samarasini belgilaydi.Zero, kambag‘allikni raqamlar qisqartirmaydi. Insonga berilgan imkoniyat, mehnat va aniq yechim qisqartiradi.
Bugun Buxoroda ana shu tamoyil amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Har bir eshik qoqilmoqda, har bir inson tinglanmoqda, har bir imkoniyat izlanmoqda. Va eng muhimi — har bir xonadonning ertangi kuni uchun aniq qadam belgilanmoqda. Bu esa kambag‘allikni qisqartirishning shunchaki yangi usuli emas. Bu insonni raqamdan shaxsga, statistikadan taqdirga, hisobotdan natijaga aylantirgan yangi yondashuvdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri