Kambag‘allikni bartaraf etish – asosiy vazifa
Kambag‘allikni qisqartirishni faqat moddiy ko‘mak bilan emas, avvalo, insonga barqaror daromad topish imkonini yaratish bilan ta’minlash mumkin. Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning mazmun-mohiyati ham aholini band qilish, fuqarolar daromadlarini oshirish va shu orqali oilalar farovonligini yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Zomin tumanida bu vazifalar qog‘ozda qolib ketmasligi, har bir xonadongacha yetib borishi uchun manzilli ishlar kuchaytirilmoqda. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Zarifjon Omonqulov va Zomin tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Isroiljon Nurmatov ishtirokida Paxtakor hamda Bunyodkor mahallalarida mahalla yettiligi va mahalla fuqarolari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muloqotlarda masalaga bir tomonlama emas, xonadon taqdiri nuqtai nazaridan yondashildi. Ishsiz fuqaroni doimiy ishga yo‘naltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, har bir oilaning mavjud imkoniyatini aniqlash va uni barqaror daromad manbaiga aylantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.


Bu yerda e’tiborli jihat shundaki, kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li insonni mehnat jarayoniga jalb etish, uning qo‘lidagi imkoniyatni daromad manbaiga aylantirishdir. Shuning uchun mahallalarning infratuzilmasi va iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, yangi loyihalarni ishga tushirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Ochiq muloqotning yana bir muhim jihati odamlarning dardini eshitish va uning yechimini qidirishdir. Uchrashuvlarda fuqarolarning ijtimoiy, maishiy, bandlik va oilaviy masalalari, xotin-qizlarning muammolariga oid murojaatlari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.


Jami 18 ta murojaat qabul qilinib, shundan 5 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etuvchi 13 ta murojaat yuzasidan tegishli tashkilot va mas’ul idoralarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Har bir murojaat bo‘yicha fuqarolarga amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Zomin tumanida aholi bilan ochiq va bevosita muloqot qilish, har bir xonadonning imkoniyat va muammosini o‘rganish, yangi daromad manbalarini yaratish, bandlikni ta’minlash va fuqarolar murojaatlariga amaliy yechim topishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri