Kambag‘allikdan chiqishning muhim omili
Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 8 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriq va vazifalar belgilab berilgan edi.
Ana shu topshiriqlar ijrosi doirasida Guliston tumani hokimi Shavkat G‘ofurov hamda barcha sektorlar rahbarlari tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda
Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Jo‘rabek G‘oyibov g‘alla o‘rim-yig‘imida ilg‘orlar safida bo‘lgan Guliston tumanidagi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish holatini o‘rganib chiqdi.
Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek G‘oyibov Guliston tumanidagi “Birlashgan” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi ishsiz aholi, xususan, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan band bo‘lmagan yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida “Nurli yo‘l” suv iste’molchilari uyushmasi fermer xo‘jaliklarining bo‘shab qolgan g‘alla maydonlarini ko‘zdan kechirdi va yer so‘rab murojaat qilganlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda J.G‘oyibov g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarini takroriy ekin ekishga tayyorlash, takroriy muddatda ekiladigan ekin turlari, ularni parvarishlash, mavjud imkoniyatlardan oqilona va omilkorlik bilan foydalanib, daromad topish to‘g‘risida tavsiyalar berdi.
Shu kunning o‘zida “Birlashgan” MFYda yashovchi band bo‘lmagan fuqarolarga g‘alladan bo‘shagan 14 gektar yer maydoni ehtiyojiga qarab 30 sotixdan 50 sotixgacha o‘lchamda ekin maydonlari takroriy ekin ekish uchun berildi.
Bundan tashqari, Guliston tuman prokurori, 2-sektor rahbari B.Berdiyev sektor xududiga qarashli "Furqat", “Oltin vodiy” va “Sharq xaqiqati” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi uyushmagan yoshlar bilan uchrashib, ularning ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida dehqonchilik bilan shug‘ullanish niyatini bildirgan yoshlarga takroriy ekin uchun mo‘ljallangan yer maydonidan ma’lum qismini ajratib berish maqsadida “Uch qahramon" SIUdagi bug‘doydan bo‘shagan maydonga olib keldi.
“Uch qahramon” SIU hududidagi fermer xo‘jaliklarining g‘alladan bo‘shagan maydonga takroriy ekin ekib, daromadlarini oshirishlari uchun 40 sotixdan yer ajratib berildi va yoshlarga shu yerga vaqtinchalik egalik to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
Shu o‘rinda tumandagi tajribali dehqon va fermerlar g‘alladan bo‘shagan yerlarni parvarishlash bilan bog‘liq ishlar, jumladan, yerni kerakli mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlash, ekin turiga qarab o‘z vaqtida sug‘orish, unga urug‘lik qadash, chopish yumshatish va umuman barcha zarur agrotexnik tartiblari haqida yosh dehqonlarga o‘z tavsiyalarini berdi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda Sirdaryo viloyatidagi barcha tumanlarda g‘alladan bo‘shagan ekin maydonlari ikkinchi hosil olish uchun kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” ga kiritilgan oilalarga berilmoqda.
A.Qayumov,
F.Toshmatov (surat), O‘zA