Joriy yil 23 sentyabrda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, o‘n kun muddatda har bir tuman va shaharning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida tadbirkorlikning rivojlanishiga turtki beruvchi 5 tadan «drayver» loyihalar ro‘yxati tasdiqlanadi va ularga zarur infratuzilmani yaratish uchun Davlat byudjetidan 2024-2025 yillarda 1 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Biznesga birinchi qadam” dasturlari hamda mikromoliya tashkilotlari orqali joriy yil yakunigacha 4 trillion so‘m, 2025 yilda 15 trillion so‘m kreditlar ajratiladi.
O‘n kun muddatda subsidiyalar turlarini maqbullashtirish va mazkur maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hajmini kamaytirmagan holda kambag‘al oilalarga foizsiz ssuda ajratish tartibi bo‘yicha takliflar kiritiladi.
Mahallalarda kambag‘al oilani aniqlash, uni Kambag‘al oilalar reyestriga kiritish, kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan choralarni ko‘rish, reyestrdan chiqarish jarayonlari “mahalla yettiligi” tomonidan hamkorlik asosida amalga oshiriladi.
Kambag‘al oilalarga daromadli mehnat faoliyati bilan band qilish va tadbirkorlikka jalb qilish yo‘nalishida hokim yordamchisi, ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, ta’lim yo‘nalishlarida ijtimoiy xodim hamrohlik qiladi.
50 ming gektar yer maydoni kambag‘al oilalarga 30 yilgacha ijaraga beriladi. Yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan kambag‘al oilalar o‘rtasida o‘tkaziladi va yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB biriktirilgan rahbarlarning xulosasi asosida kambag‘al oilalarga noutbuk sotib olish uchun 5 yil muddatga 2 yil imtiyozli davr bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratadi.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qiymati 30 million so‘mgacha bo‘lgan kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘konlar (food truck), motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalarni sotib olish uchun 5 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) tashkilotlarining 14 mingta rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari har biriga har 6 oyda 5 tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi.
Ular har oyda ikki marta o‘ziga biriktirilgan oilalar bilan uchrashib, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejada belgilangan choralar amalga oshirilishini tahlil qiladi, yuzaga kelgan muammolarni aniqlaydi hamda ularni joyida bartaraf etish choralarini ko‘rib boradi. 2024-2025 yillarda respublika darajasidagi davlat idoralari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari eng og‘ir ahvoldagi 1 000 ta mahallaga biriktiriladi.
Kambag‘al oilalar va mahallalarga biriktirilgan rahbarlar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida tegishli tashkilotning foydasi va byudjetdan tashqari mablag‘laridan foydalanishga ruxsat etiladi. Bunda ko‘mak ko‘rsatish faqat kambag‘al oilalar o‘z daromadini oshirishi, farzandlarining ta’lim olishi va oila a’zolarining sog‘lig‘ini tiklashi va yashash sharoitini yaxshilashi bilan bog‘liq boshqa majburiyatlarni bajargan taqdirda amalga oshiriladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan kambag‘al oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish taqiqlanadi.
Yana bir ma’lumot, Prezidentimizning joriy yil 30 apreldagi “2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, hududlarda 100 mingta kvartiradan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar quriladi. Ko‘p qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlari joriy qilinadi. 2024 yil 1 iyundan “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj shaxslarga uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun
120 million so‘mgacha ipoteka kreditlari ajratiladi.
Bunda, ipoteka kreditlari 20 yilgacha muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavkada uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash maqsadlari uchun ajratiladi. Ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun – ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun – kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya to‘lanadi.
Subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar 2024 yilning 15 mayidan 1 noyabriga qadar qabul qilinadi. 2024 yilgi Dastur doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 12 foizdan oshgan qismiga, 2025 yil va undan keyingi yillar Dasturlari doirasidagi kreditlar bo‘yicha esa – Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lanadi. Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 2024 yilgi Dasturdan boshlab qat’iy belgilangan 30 million so‘m miqdorida to‘lanadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA