Kambagʻallikdan chiqishning muhim yoʻllari
Jizzax viloyatida foydalanilmay turgan zaxiradagi 644,1 gektar yer maydonida 12 ta qishloq xoʻjaligi kooperativlari tashkil etilayotir.
Jizzax viloyatida foydalanilmay turgan zaxiradagi 644,1 gektar yer maydonida 12 ta qishloq xoʻjaligi kooperativlari tashkil etilayotir. Ularga mingga yaqin ishsiz oilalardagi yoshlar birlashmoqda.
Prezidentimiz 22-aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida mamlakatimiz aholisi bandligi masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi xalqimizni oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan kafolatlangan holda taʼminlash, fuqarolar daromadlarining pasayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, yordam va koʻmakka muhtoj yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻygan vazifalar ijrosini taʼminlashda viloyatda izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, boʻsh foydalanilmay yetgan yerlar oʻzlashtirilib, tashkil etilayotgan qishloq xoʻjalik kooperativlariga kambagʻal oilalardagi ishsiz yoshlar jalb etilayotir.
Yangiobod tumanida tashkil etilgan koopertivda 35 gektar yer maydoni 69 nafar ishsiz yoshlarga 50 sotixdan boʻlib berildi. Kooperativ rahbari – tadbirkor Oʻtkirjon Mullajonovga ham 50 sotix yer ajratildi.
Kooperativning maydoniga 4 xil navli 17,5 ming tup ertaki gilos koʻchati ekildi. Quduq qazib, suv chiqarish, tomchilatib sugʻorish tizimini oʻrnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Gilos toʻrt yilda hosilga kiradi. Har tupidan oʻrtacha 40 kilogrammdan, 50 sotixdan oʻrtacha 10 tonna gilos olish mumkin. Gilos hosilining barchasi kooperativ tomonidan eksport qilinadi, daromad esa kooperativ paychilari oʻrtasida teng taqsimlanadi.
Koʻchatlar hosilga kirgunga qadar qator oralariga boshqa ekinlar ekib, daromad olish koʻzda tutilgan.
– Xorijga chiqib ishlab yurgandim, pandemiya bois mutlaqo ishsiz qoldim, – deydi Jamshid Haitov. – Endi 50 sotix yerda 250 tupli giloszor egasi boʻldi. Ishsizlik tufayli menga oʻxshab qiynalib yurgan yoshlar uchun koopertivlar tashkil qilib yer berilishi davlatimizning juda katta gʻamxoʻrligi boʻldi. Endi hayotim albatta izga tushib ketadi.
Xuddi shunday tumanning “Shodlik” mahallasidagi 35 gektar yerda tashkil qilingan “Puchugʻoy niholi” kooperativida ham ishsiz yurgan yoshlardan 70 nafari 50 sotixdan yerga ega boʻldi. Bu kooperativda ham jami 17,8 ming tup ertaki gilos ekildi.
Endilikda bunday kooperativlar viloyatning barcha tumanlarida tuzilmoqda. Bu birlashmalarni tuzib, ekiladigan ziroat turlarini i tanlashda har bir hududning yer, suv, iqlim sharoitlar, odamlarning istak va takliflari hisobga olinmoqda.
Ushbu kooperativlar qanday samara beradi, kambagʻallikdan chiqishning yoʻlimi? Bu — jamoa aʼzolarining mehnatiga, harakatiga bogʻliq.