Kambag‘allik ayb emas, lekin...
Bu gap zamiridagi hayotiy haqiqatni ko‘pchiligimiz o‘z tanimizda his etganmiz.
Munosabat
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson o‘zining “kichik vatani”ga – uy-joyiga ega bo‘lsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi bo‘ladi”, dedi. Bu gap zamiridagi hayotiy haqiqatni ko‘pchiligimiz o‘z tanimizda his etganmiz.
Poytaxtda yillab ijarada yashab yurganmiz. Keyin qarindosh-urug‘, aka-uka, oshna-og‘ayni ko‘magi degandek, xullas, uy sotib olish imkoni tug‘ildi. O‘shanda dunyoga sig‘may ketdim va ushbu “tarixiy voqea”dan tutingan qadrdon akamiz, xalqimizning sevimli shoiri Asqar Mahkamni voqif etganimda, “Toshkentga kelib, kichkinagina bo‘lsayam uy-joy qilgan kishidan baxtli odam yo‘q. Olgan uyingizda to‘ylar qiling”, deb duoga qo‘l ochgandi rahmatli. Mana, shungayam yigirma yil bo‘libdi, ming shukrki, Vatan ichra mo‘jazgina vatanimga egaman.
Bir qo‘shnim bor. Mahallamizning namunali oilalaridan. Farzandlari esli-hushli, ko‘pchilik havas qiladi. Turmush o‘rtog‘i bilan bir zamonlar aviatsiya zavodida ishlagan. Katta oila bo‘lgani bois (olti farzandi bor) o‘sha paytlar besh xonali uy berishgan. Bolalar voyaga yetib, uch o‘g‘il uylanganidan keyin besh xonali uyda to‘rt xo‘jalik birga yashashiga to‘g‘ri kelgan. Ketma-ket nevaralar, degandek. Aka-ukalar o‘z yo‘liga, lekin ovsinlar bari bir ovsin-da. Ko‘chada ko‘rishganimizda qo‘shnimning yuz-ko‘zlaridan oilaviy muhiti unchalik ham yaxshi emasligi sezilib turardi. Farzandlardan birini alohida uyga ko‘chiraman desa, moddiy imkoniyati yo‘q. Topish-tutishi o‘ziga yarasha.
Bir kuni uchrashib qoldik. Xursandchiligi ichiga sig‘maydi. Tuman hokimligiga chaqirishibdi, Prezident tashabbusi bilan Sirg‘ali tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan ikki xonali kvartira ajratilganini aytishibdi. Zimdan u kishiga qarayman. Yuzlarida Yaratganga shukronalik, hayotdan rozilik, davlat rahbaridan minnatdorlik hissi balqib turardi. Xayriyatki, bugun bunday yurtdoshlarimiz safi yil sayin, oy sayin ko‘payib bormoqda.
Murojaatnomada ta’kidlanishicha, kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olish uchun boshlang‘ich badal va kredit foizini qoplashga budjetdan 1 trillion so‘m subsidiya ajratiladigan bo‘lsa, yana qanchadan-qancha oilalarga shodmonlik kirib borishini tasavvur qilavering.
Kambag‘allik ayb emas, degan naql bor xalqimizda. Qo‘likaltalik hech kimga havas emas, albatta. Inson onasining qornidan boy yoki qashshoq bo‘lib tug‘ilmaydi. Aholining turmush farovonligini yuqori yoki past bo‘lishi davlat siyosatiga ham bevosita, ham bilvosita bog‘liq. Prezidentimiz hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligini yashirib o‘tirmadi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda kam ta’minlanganlar taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Davlat rahbari aholining 4-5 millioni kambag‘al ekanini ochiq qayd etdi. Agar davlat ishsizlik, korrupsiya, o‘zibo‘larchilik va boshqa muammolarga o‘z vaqtida e’tibor qaratganida edi, xalqimiz orasida kambag‘allik bu qadar keng tomir yoymagan bo‘lardi.
Ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam pulini oshirish bilan muammoni hal etib bo‘lmasligi kundek ravshan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev kambag‘allikni kamaytirish uchun aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni bundan keyin ham izchil amalga oshirilishiga alohida urg‘u berdi.
Murojaatnomada ta’kidlanganidek, “oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi”.
Abdumannob RAHIMOV,
huquqshunos