“Kamalak yulduzlari” festivali
– Festivalda ishtirok etib g‘oliblar safidan joy olganim kelgusidagi faoliyatimga katta turtki bo‘ladi, – deydi tanlovning 11-14 yosh toifasida fortepianino cholg‘usi bo‘yicha faxrli birinchi o‘rinni egallagan Shahzoda Qodirova. – Bundan tashqari, ko‘plab tengdoshlarimning ijod namunalarini ko‘rdim va menga juda yoqdi, ular bilan do‘stlashdim. Respublika laureanti deb e’lon qilindim. Kelgusida fortepianino cholg‘usi bo‘yicha yanada yuksak marralarni qo‘lga kiritish uchun harakat qilaman.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilgan “Kamalak” bolalar tashkilotining “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivali ko‘plab iqtidorli bolalarni aniqlash, ularning iste’dodlarini namoyon qilishiga imkoniyat yaratish va qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning madaniy saviyasini yuksaltirish, ularning ma’naviy olamini boyitish, san’at va go‘zallikka intilishini kuchaytirish, milliy san’at an’analari va yo‘nalishlarini saqlab qolish, rivojlantirish va davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois festivalning joriy yilgi viloyat bosqichida ham ko‘plab iste’dodli bolajonlar jam bo‘ldi va o‘z iqtidorini namoyish etdi.
Dastlab 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan ijodkor bolalar tuman shahar bosqichida 6 ta yo‘nalish bo‘yicha yakka va jamoaviy tarzda ishtirok etdi.
“Kamalak yulduzlar” bolalar ijodiyot festivalining Qashqadaryo viloyat bosqichi Qarshi shahridagi ixtisoslashtirilgan san’at va musiqa maktabida bo‘lib o‘tdi. Iqtidorli va is’tedodli bolalarning ijodi hamda tashabbuslarini keng ommaga namoyish etish, ayniqsa, bolalar orasida targ‘ib etish, yosh havaskor va professional ijodkorlarning faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan festivalning viloyat bosqichida 300 nafardan ortiq yosh madaniyat, adabiyot va san’at turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Yangi iqtidor va iste’dodlarni kashf etgan “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivalida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar respublika laureanti etib saylandi va diplom, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
– O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilgan “Kamalak” bolalar tashkiloti Qashqadaryo viloyatida 20 mingga yaqin a’zoga ega, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi matbuot kotibi Javohirbek Hamroyev. – Ular eng faol, tashabbuskor, liderlik qobiliyatiga ega sardorlardir. Bugun an’anaviy tashkil etilayotgan “Kamalak yulduzlari” ijodiyot festivalida yosh ijodkorlar qatnashib, tengdoshlari bilan o‘zaro tajriba almashish, do‘stlar orttirish inkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Jamoaviy raqslar bahslari orqali har bir mahalliy jamoalar, o‘z hududiga tegishli bo‘lgan an’anaviy sahna ko‘rinishlari bilan chiqmoqda. Bu orqali biz yoshlarning tashabbuslarini, takliflarini, imkoniyat va iqtidorini ko‘ryapmiz. Shuningdek, festival doirasida “Madaniyat”, “Adabiyot”, “San’at” va “Raqs” tanlovlari tashkil etilmoqda. Bu loyihalar orqali viloyatdagi o‘quvchi- yoshlarimiz o‘z imkoniyatini namoyish etmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari