Kamakshi Vason: Narendra Modining Toshkentga tashrifi – Hindiston va O‘zbekiston munosabatlari tarixida muhim lahza
Shu kunlarda mamlakatimiz tarixida muhim siyosiy voqeliklar, qizg‘in siyosiy jarayonlar sodir bo‘lmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami ko‘tarinki kayfiyatda o‘tayotgan bir vaqtda Hindiston Respublikasi Bosh vazir Narendra Modining mamlakatimizga tashrifi ham muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur voqea haqida mahalliy va xalqaro ekspertlar ijobiy fikr, mulohaza bildirmoqda.
Xususan, Hindistonning “Global COO & Executive” dasturlari ijrochi direktori Kamakshi Vason xonim shunday dedi:
– Fikrimcha, Bosh vazir Narendra Modining O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat munosabatlari rivojlanishi jarayonida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu voqea shunchaki an’anaviy diplomatiya tadbiri emas. Biz guvohi bo‘layotgan hodisa – uch o‘zaro bog‘liq jihat bo‘yicha munosabat mustahkamlanishi: strategik hamkorlik, iqtisodiy sheriklik va odamlar o‘rtasidagi aloqalar. Ayniqsa keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga erishganimiz e’tirofga loyiq.
2030-yilga kelib o‘zaro savdo qiymatini 5 milliard dollarga yetkazish, mudofaa va xavfsizlik, energetika, uran, muhim minerallar, farmatsevtika, raqamli infratuzilma sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ulkan maqsad belgilab olindi. Yana bir jozibali jihat umumiy sa’y-harakat inson omiliga yo‘naltirilgani va madaniy sohaga alohida e’tibor qaratilishi bilan bog‘liq. O‘zbekiston Hindiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz sayohat joriy etish to‘g‘risidagi qarori turizm, tijorat almashinuvi, akademik mobillik va oddiy odamlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun keng imkon yaratadi.
Tashrifga oid madaniy ramziylik juda muhim. Bosh vazir Modining Yoga dasturida ishtirok etishi, Yangi O‘zbekiston yodgorligiga tashrifi va sobiq Bosh vazir La’l Bahodur Shastriga ehtirom o‘ziga xos diplomatik ahamiyat kasb etadi. Katak, Bollivud kuyi, hind va o‘zbek musiqiy an’analari namoyishi ikki jamiyat uyg‘un madaniy yaqinligini ifodalaydi. Shuningdek, til va ta’limga diqqat ham muhim. O‘zbek talabalari hind tilini o‘rganishi uchun 100 stipendiya taklif qilinishi, TDSHUda ICCR Sanskrit kafedrasi ochilishi uzoq muddatli madaniy diplomatiyaning yorqin dalilidir.
Til shunchaki aloqa emas, balki tarixiy xotira, adabiyot, intellektual an’ana va madaniy tushunchani uzatish vositasidir. O‘zbekistonda o‘nlab yil davomida hind tili o‘rgatilgani mazkur tashabbusga alohida mazmun baxsh etadi.
Xullas, Bosh vazir Narendra Modining Toshkentga tashrifi Hindiston va Markaziy Osiyo aloqalarini chuqurlashtirish uchun dadil geosiyosiy qadam o‘laroq, xavfsizlik, savdo, energetika, texnologiya, ta’lim va madaniyatni qamrab olgan ko‘p qirrali sheriklik o‘rnatishga urinishdir.
Muvaffaqiyatli diplomatiya faqat hukumatlar o‘rtasida imzolangan kelishuvlar soni bilan o‘lchanmaydi. Ayni jarayonda jamiyatlar o‘zaro aloqani mustahkamlashi, bir-birini yanada yaqin bilishi, chuqurroq anglashi ham zarur. Demak, Hindiston – O‘zbekiston strategik sherikligiga yana bir mustahkam poydevor qo‘yildi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA