Kam ta’minlangan oilalarga 179,2 milliard so‘mlik ijtimoiy keshbek qaytarildi
Xarid uchun to‘langan mablag‘ning bir qismi yana fuqaroning o‘ziga qaytarilayotganini bilasizmi? «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan fuqarolar belgilangan tovarlarni xarid qilganda 12 foizlik QQSni ijtimoiy keshbek sifatida qaytarib olishi mumkin. Bu imkoniyatdan 2026-yilning birinchi yarmida 651,3 ming nafar iste’molchi foydalangan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, ularning kundalik xarajatlarini yengillashtirish maqsadida joriy etilgan ijtimoiy keshbek mexanizmi o‘z samarasini bermoqda. 2026-yilning yanvar–iyun oylarida mamlakatimizda 651,3 ming nafar iste’molchiga qariyb 179,2 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) qaytarib berildi.
Ijtimoiy keshbek mablag‘lari hududlar kesimida ham sezilarli ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Xususan, eng yuqori natijalar Andijon viloyati 96,3 milliard so‘m, Toshkent shahri 15,2 milliard so‘m, Samarqand viloyati 14 milliard so‘m ijtimoiy keshbek to‘lab berildi.
Mazkur imtiyoz «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan. 2023-yil 1-maydan boshlab ushbu toifaga kiruvchi fuqarolar chakana savdo ob’ektlaridan belgilangan ayrim mahsulotlarni xarid qilganda odatdagi 1 foizlik keshbek o‘rniga 12 foiz miqdoridagi QQSni — ijtimoiy keshbekni qaytarib olish imkoniyatiga ega.
Bu mexanizm, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar uchun oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj tovarlarini xarid qilishda qo‘shimcha moliyaviy yengillik yaratadi. Ijtimoiy keshbekdan foydalanish uchun fuqaro Soliq mobil ilovasi orqali xarid chekidagi QR-kodni skaner qilishi lozim. Shu tariqa amalga oshirilgan xarid elektron tarzda tizimda qayd etilib, belgilangan shartlar asosida QQSning bir qismi fuqaroga qaytariladi. Muhimi, xarid chekini saqlash va undagi QR-kodni o‘z vaqtida skaner qilish ijtimoiy keshbekni olish jarayonida asosiy shartlardan biri hisoblanadi.
Qayd etish joizki, ijtimoiy keshbek tizimi aholining ehtiyojmand qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularning xarid qobiliyatini oshirish va ijtimoiy himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda
Sh. Mamaturopova,
O‘zA