Bozor iqtisodiyoti sharoitida sug‘urta sohasi iqtisodiy rivojlanishning muhim omillaridan biri hisoblanadi va aksincha iqtisodiy barqarorlik sug‘urta sohasi rivojlanishining negizi sanaladi.
Mustaqillikning ilk yillarida iqtisodiy islohotlarning rivojlanish bosqichida sug‘urta sohasida ham bozor mexanizmlariga asoslangan infratuzilma shakllana boshladi. Respublikamizda uzoq yillar davlat sug‘urtasi amal qilgan bo‘lsa, bozor mexanizmlarining shakllanishi sug‘urta sohasi oldiga ham kechiktirib bo‘lmas islohotlarni amalga oshirishni dolzarb vazifa sifatida belgilab berdi.
Bozor tamoyillariga va sog‘lom raqobatga asoslangan sug‘urta xizmatlari shakllanishi bu yo‘nalishda sug‘urta xizmatlarini taklif etuvchi sug‘urta tashkilotlarining vujudga kelishi bilan bog‘liqdir.
1997 yilning 14 martida Vazirlar Mahkamasining 144-sonli qaroriga asosan “Kafolat sug‘urta kompaniya”si tashkil etildi. Kompaniya dastlab ish boshlagan vaqtda ustav kapitali 500 mln. so‘mdan iborat bo‘lib, 48 ta mintaqaviy tarmog‘i mavjud edi.
Kompaniya mana 24 yildirki, sug‘urta bozorining professional ishtirokchisi sifatida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ijrosida o‘zining faolligini ko‘rsatib kelmoqda. Jamiyat filiallar tarmog‘i bo‘yicha juda keng geografik nuqtaga ega bo‘lishiga qaramay aholi va tashkilotlarga yanada yaqinlashish, ularga qulay sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida yildan yilga yangi sug‘urta markazlarini ochmoqda. bugungi kunga kelib filiallar, sug‘urta markazlari va bo‘linmalar soni 215 tani, sotuv shoxobchalari soni 400 dan ziyodni tashkil etadi.
Mamlakatimizda 2016 yil oxiridan milliy iqtisodiyotimizda jadal rivojlanishni o‘z ichiga olgan transformatsiya jarayoni boshlandi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlari xizmat ko‘rsatishning yangi tizimiga innovatsiya, motivatsion yondashuv va aniq maqsadli rejalar asosida yondashishni boshladi. Mazkur jarayonda 2017 yilning 9 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3317-sonli “Kafolat sug‘urta kompaniya” AJ faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, kompaniyaning asosiy rivojlanish yo‘nalishlari belgilab berildi.
bugungi kunda O‘zbekiston sug‘urta bozorida 40 ga yaqin sug‘urta kompaniyasi faoliyat olib bormoqda. Har yili 3 ta, 4 ta yangi sug‘urta kompaniyalari o‘z faoliyatini boshlamoqda. Bunday raqobat sharoitida kompaniyaning bozordagi o‘z o‘rnini saqlab qolishi va doimiy rivojlanib borishi juda murakkab bo‘lib, kompaniyadan har tomonlama o‘ylangan va aniq rejalarga asoslangan strategik yo‘nalishlarni belgilashni taqozo etadi.
Kafolat sug‘urta kompaniyasining tarixi davomida doimiy kuchli to‘rtlikdan joy olishida birinchi navbatda professional mutaxassislar jamoasi, eng katta mintaqaviy tarmoq, innovatsiyaga asoslangan sug‘urta xizmatlari, shakllangan kompaniya brendi, tezkor to‘lov va mustahkam xalqaro aloqa sabab bo‘lmoqda.
Hozirda kompaniya tomonidan aholi hamda yuridik shaxslarga har tomonlama qulay, pasaytiruvchi koeffitsiyentlarni o‘z ichiga olgan va har tomonning manfaatlariga mos keluvchi sug‘urta xizmatlari taklif etilmoqda. Chet el tajribasi va O‘zbekiston sug‘urta bozorida shakllangan tajribalardan foydalanib hamda aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ehtiyojlaridan va bozor talabidan kelib chiqqan holda yangi zamonaviy sug‘urta turlari ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, mavjud sug‘urta turlari doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Yagona standartlar va universal sug‘urta texnologiyalarini qo‘llash, boshqaruvning yagona korporativ standartlari bo‘yicha ishlash, moliyaviy barqarorlik evaziga kompaniya reytingi xalqaro Fitch Ratings standartlar bo‘yicha uzoq yillardan buyon «BV-» (barqaror) reytingi bilan baholanib kelinmoqda.
Milliy standartlar bo‘yicha «SAIPRO» axborot reyting agentligi “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJ faoliyatini «uzA++» (eng yuqori moliyaviy ko‘rsatkich) reytingi bilan baholagan.
Kompaniya «International Underwriting Association of London» uyushmasining O‘rta Osiyoda ikkitadan biri, O‘zbekistonda yagona a’zosi bo‘lgan sug‘urta tashkiloti hisoblanadi.
ISO 9001:2015 xalqaro standarti bo‘yicha sifat menejmenti tizimiga ega. Har yili moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari bo‘yicha audit olib boriladi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi, keng ko‘lamli investitsion loyihalarning joriy etilishi o‘z-o‘zidan mustahkam sug‘urta himoyasini talab etadi. Yirik sug‘urta ob’ektlari bilan ishlashda sug‘urtaning umumintegratsiya jarayonlaridan foydalanish asosiy o‘rin tutadi.
Kompaniya tomonidan HDI Global (Germaniya), CHUBB, Swiss Re (Shveysariya), AXA Global Healthcare Pte Ltd (Fransiya), BMI (Kaymon orollari), People’s Insurance Company of China (Xitoy), Hyudai Insurance, Samsung Insurance (Koreya), Russian Re, Rossiya milliy qayta sug‘urta kompaniyasi, SOGAZ va Ingosstrax (Rossiya), Willis Towers Watson, AON va DIG Pls (Buyuk Britaniya) va boshqa qayta sug‘urta kompaniyalari va brokerlari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalari asosida dunyo bo‘ylab joylashgan yirik 1000 dan ortiq ob’ektlar qayta sug‘urtaga qabul qilindi.
Kompaniya 2019 yilda 3,4 mln. AQSH dollari eksport xizmatini ta’minlagan bo‘lsa, 2020 yilda butun dunyoda pandemiya muhiti hukm surishiga qaramay ushbu ko‘rsatkich 5,2 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.
Shu bilan birga, risklarni boshqarish, sug‘urta xizmatlarining mijoz va bozor talabiga mosligi, shaffofligi, yagona standartlar asosida xizmat ko‘rsatish tizimini shakllanishi ham kompaniyada sug‘urta xizmatlari ko‘rsatishning ijobiy dinamikasini belgilab bermoqda.
[gallery-1567]
2020 yil mobaynida kompaniya 663 minga yaqin sug‘urta shartnomalarini imzolab, 87,8 trln. so‘m miqdorida sug‘urta javobgarligini olgan. Olingan javobgarlik bo‘yicha 7333 ta sug‘urta da’volari ko‘rib chiqilib, 38,0 mlrd. so‘mdan ortiq sug‘urta to‘lovlari amalga oshirilgan.
2020 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini sug‘urtaviy himoyasini ta’minlash borasida 38,5 mingdan ortiq sub’ektlarga 5,5 trln. so‘mdan ortiq sug‘urta xizmatlari ko‘rsatildi. 15 355 ta kichik biznes sub’ektlariga tadbirkorlik faoliyatlarini bir maromda davom ettirishlarini qo‘llab quvvatlash maqsadida olayotgan kreditlarini qaytarilishi bo‘yicha 928,7 mlrd. so‘mlik sug‘urta xizmatlari taqdim etildi.
Milliy tovar va xizmatlar eksportchilarini bugungi kunda eng qiynaydigan savollardan biri ular jo‘natayotgan mol-mulkning xorijiy hamkorga to‘liq bus-butun yetib borishi va xorijiy hamkor tomonidan eksport shartnomasiga asosan mablag‘ni o‘z vaqtida to‘lab berilishidir. Bu borada o‘tgan yilda kompaniya tomonidan asosan Toshkent shahri va viloyati, Samarqand, Andijon, Buxoro, Farg‘ona va Jizzax viloyatlari shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yurituvchi eksportchilarning 1,2 trln. so‘mlik risklari sug‘urtaviy himoyaga olindi.
Yana bir muhim yo‘nalish, kompaniya tomonidan aholining, jumladan yoshlarning sug‘urtaviy himoyasini ta’minlashdir. Birgina 2020 yilning o‘zida aholiga 14,3 trln. so‘mlik 60 dan ortiq sug‘urta turlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatilib, ular bilan 522,1 mingdan ortiq sug‘urta shartnomalari imzolangan. Yuzaga kelgan sug‘urta hodisalari bo‘yicha 6 035 ta holatda 22,9 mlrd. so‘mdan ortiq sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi.
O‘tgan yilning bahor oylarida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida sodir bo‘lgan favqulodda holatlar sug‘urta kompaniyalari qatori, «KAFOLAT sug`urta kompaniyasi» AJ oldiga ham birlamchi vazifani belgilab berdi. Zarar ko‘rgan aholiga va tadbirkorlik sub’ektlariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish maqsadida tezkor ishchi guruhi talofat sodir bo‘lgan kuniyoq Sirdaryo hamda Buxoro viloyatlariga yetib bordi.
Sirdaryoda talofat natijasida kompaniya tomonidan sug‘urta qilingan ob’ektlarga zarar yetgani aniqlanib, 43 ta jabr ko‘rgan mijozlarga 257,0 mln. so‘m sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi;
Buxoro viloyatida 27 aprel kuni yuzaga kelgan kuchli shamol va yog‘ingarchilik natijasida 31 ta zarar ko‘rgan ob’ektlarga 340,0 mln. so‘m miqdorida sug‘urta qoplamalari amalga oshirildi.
Qayd etish lozimki, kompaniyada yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, yosh kadrlarni ko‘paytirish, ularning kasbiy salohiyati va malakasini oshirish, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishi uchun sharoit yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
2019 yil 2 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori imzolandi. Ushbu hujjatga muvofiq kompaniyada ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan 23 nafar xodim oliy ta’lim muassasasiga tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilindi.
Bundan tashqari, yuqoridagi Prezident Qarorining bajarilishini ta’minlash maqsadida «KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi» AJ vakillari Buyuk Britaniyaning London shahridagi Chartered Insurance Institute (CII) bilan memorandum imzolab, 2020 yil iyul oyida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster Universiteti o‘qituvchilari ishtirokida O‘zbekiston sug‘urta kompaniyalarining 20 nafar mutaxassislari onlayn rejimida General Insurance (Umumiy sug‘urta) yo‘nalishida dars o‘tdilar.
Kompaniyaning bosh maqsadi - mijozlar oldidagi majburiyatlarni to‘liq va sifatli bajarish va bu orqali ijtimoiy yo‘naltirilgan O‘zbekiston iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.
Yoqubjon Meliboyev(surat), O‘zA
Reklama huquqi asosida