O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Navoiy viloyati filiali tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat yuritayotgan kadrlar xizmati xodimlari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.
Unda tinglovchilarga Davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish, kadrlar bilan ishlash tizimini samarali tashkil qilish maqsadida ishga tushirilgan hrm.argos.uz hamda vakant lavozimlar ochiq portali vacancy.argos.uz elektron platformalaridan foydalanish tartibi yuzasidan zarur tushunchalar berildi.

– Mazkur seminardan ko‘zlangan maqsad davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish faoliyatida uchrayotgan muammolar, ularning yechimi va mehnat qonunchiligida bo‘lgan o‘zgarishlarni har bir davlat xizmatchilariga yetkazishdan iborat, – deydi Agentlikning viloyat filiali kadrlar ma’muriyatchiligi bo‘limi bosh inspektori Akmal Shakarov. – Muloqot davomida sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning quyi tizimida vakant lavozimlar uchun bo‘layotgan ochiq tanlovlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi. Shuningdek, hrm.argos.uz – elektron platformasiga xodimlar ma’lumotlarini kiritish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazilib, ishtirokchilarga mazkur tizimda samarali ishlash, xodimlarni rasmiylashtirish hamda lavozimga tayinlangan rahbar va xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini tizimga to‘liq va sifatli kiritish bo‘yicha tushunchalar berildi.

Qayd etish joizki, tizim qog‘oz sarfini kamaytiradi, vaqtni tejaydi, kadrlar bilan ishlash jarayonini tezkor boshqarish imkonini berib, axborot xavfsizligini ta’minlaydi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining barcha xodimlari bo‘yicha yagona markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasini shakllantiradi.

Seminar yakunida davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlar uchun ochiq tanlovlarni belgilangan tartibda o‘tkazish hamda hrm.argos.uz hamda vacancy.argos.uz elektron platformalaridan foydalanishda xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tavsiyalar berildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA