Kadrlar tayyorlashdagi foydali hamkorlik
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) O‘zbekiston bo‘yicha regional direktori Shin Myung Seop bilan uchrashdi.
Bugungi kunda mazkur agentlik bilan hamkorlikda barpo etilgan Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va Farg‘ona shaharlaridagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida (KOICA) ishsiz fuqarolarga zamonaviy kasblar o‘rgatilib, bandligi ta’minlanmoqda.
Urganchda ham 9 mln dollar grant mablag‘lari hisobidan ana shunday yangi markaz barpo etilyapti. Joriy yilda Toshkent shahrida loyiha qiymati 5,5 men dollarga teng bo‘lgan Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi qurilishiga start beriladi.

Uchrashuvda KOICA vakillari O‘zbekistondagi loyihalarning katta qismi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgani, buni xalqaro tashkilotlar ham yuqori baholab, o‘z hisobotlarida ko‘rsatib o‘tayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ta’kidlanganidek, natijalar yuqori, oldinga qo‘yilgan maqsadlar esa undanda yuksak.
Muloqotda kasb-hunarga o‘qitish markazlari (KOICA)da mutaxassislar tayyorlash tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha ham fikr almashildi. Jumladan, markazning moddiy-texnik bazasini yangilash, kasb-hunar o‘rgatishni zamon talablariga moslashtirishga kelishib olindi.
Yaqindagina Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutasaddilarining Koreyaga uyushtirilgan xizmat safari davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha ham suhbatlashildi.
Xususan, hududlarda KOICA markazlari sonini ko‘paytirish, tog‘-kon, geologiya, qurilish, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish va shunga o‘xshash zamonaviy texnologik yo‘nalishlarni ochish hamda bugungi kun talablari asosida mutaxassis tayyorlash bo‘yicha fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Uchrashuvda KOICA vakillari sanoat uchun kadrlar tayyorlash dasturini birgalikda hayotga joriy qilish taklifini bildirdi, qayd etilganidek, bu muassasa zamon talablariga mos ravishda yuqori texnologik kasblarni o‘rgatadigan institut sifatida shakllanadi.
Markaz sertifikati nafaqat O‘zbekiston va Janubiy Koreya, balki boshqa ko‘plab rivojlangan davlatlarda tan olinishi ta’minlanadi. Yakunda tomonlar ushbu loyiha ustida birgalikda ishlab, uni maromiga yetkazishga kelishib olishdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA