Kadrlar salohiyatini oshirish – davr talabi
Yangi O‘zbekistonda kuchli, bilimli va jismonan yetuk kadrlarni tayyorlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish va qo‘llab-quvvatlash Favqulodda vaziyatlar vazirligining ham asosiy vazifalaridan.
Bu borada davlatimiz rahbarining 2019 yil 10 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Bunga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilib, “Akademiya” maqomi berildi hamda harbiylashtirilgan tuzilmalarning oliy ta’lim tashkilotlariga o‘quvchilarning o‘qishga kirishi uchun tayyorgarligini ta’minlovchi ixtisoslashtirilgan litsey tashkil etilishi belgilab berildi.
Sohadagi o‘zgarishlar, kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar hamda amalga oshirilayotgan ishlar xususida Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Choriyor Xo‘janov O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
– Hozirgi kunda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, shuningdek, yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada akademiyamizda professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, aholi va hududlarning muhandislik muhofazasini takomillatirish, avariya qutqaruv ishlarini tashkillashtirish, olovga chidamli qurilish materiallari va matolarining yangi turlarini yaratish borasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Shulardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonuni hamda tegishli nizom va qarorlarga asosan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzurida texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tuzildi va u bugungi kunda o‘z faoliyatini samarali amalga oshirmoqda.
Mazkur qarorga asosan FVV akademiyasi huzurida tuzilgan texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash “Favqulodda holatlarda xavfsizlik: Yong‘in, sanoat, yadro va radiatsiya xavfsizligi” va “Mehnatni muhofaza qilish va inson faoliyati xavfsizligi” (texnika fanlari) ixtisosliklari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini ilmiy seminarda muhokama qilish va himoyani o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ldi.
Shunga ko‘ra, FVV akademiyasining professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilgan ilmiy ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligidan ixtirolar uchun patentlar olindi.

Yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, akademiyada davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajarilishi ikki yilga mo‘ljallangan ikkita davlat granti BV-Atex-2018 “Mahalliy mineral xom ashyolar asosida qiyin yonuvchan issiqdan saqlovchi tarkiblar olish texnologiyasini yaratish” hamda BV-Atex-2018-58 “Yangi avlod metallorganik oligomer qo‘shimchali olovbardosh, issiqlik izolyatsiyalovchi qurilish materiallarini tadqiq etish va texnologiyasini yaratish” loyihalari ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining iqtidorli kursantlari munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarga ega bo‘lishdi. Jumladan, “Gidravlika” fanidan 4 kurs kursanti Ravshanbek Jalilov birinchi o‘rinni, “Avtomobil tayyorgarligi” fanidan 1 kurs kursanti Fayozbek Mamasoliyev ikkinchi o‘rinni hamda “Milliy g‘oya, huquqshunoslik, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” fanlaridan 5 kurs kursanti Sultanbek Urazimbetov uchinchi o‘rinni egalladilar. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi harbiy xizmatchilari Osiyo va jahon chempionatlarida munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2019 yil 28 iyundagi “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zahirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi tashkil etildi. Ushbu “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quv-uslubiy ishlarini amalga oshirishda akademiyaning professor-o‘qituvchilari bilan yaqindan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Muxtasar qilib aytganda yangi O‘zbekistonda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash borasidagi muhim amaliy ishlarni davom ettirishimiz zarur. Zero, yoshlar ertangi kunimizning egalari hisoblanadi. Ularni biz bugun qanchalik ilmiy, ma’naviy, ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlasak, kelajagimiz shunchalik yorqin bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA