Kadastr xodimi pora olmagan – Kadastr agentligi
Internet tarmoqlarida “1000 AQSH dollar evaziga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi” sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi.
Kadastr agentligi bu xabarga rasmiy munosabat bildirib, aniqlik kiritgan. Qayd etilishicha, joriy yilning 18 aprel kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Farg‘ona viloyati boshqarmasi Oltiariq tumani bo‘limi tomonidan noqonuniy yer oldi-sotdisi bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro yer maydoni egasiga kadastrdagi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, noturar joyni turar-joy toifasiga o‘tkazish evaziga 1000 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Tadbir davom ettirilgan va fuqaro kadastr tuman filiali rahbari X.X.ga yo‘naltirilgan. O‘z o‘rnida X.X. tomonidan fuqaroning taklifi rad etilgan va pora sifatida taklif etilgan pullar olinmagan. Shundan so‘ng, fuqaro X.X. tuman prokuraturasiga olib kelingan va surishtiruv natijasida yuqoridagi holatga aloqasi yo‘q deb topilib qo‘yib yuborilgan.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada ham aybsizlik prezumpsiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 26-moddaga binoan “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlanadi.”
Sh.Mamaturopova, O‘zA