Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmalari, uning tuman, shahar bo‘lim va filiallari tomonidan kadastr sohasiga oid qonun, farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash, tizimda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, aholi murojaatlari bilan ishlash, bo‘sh yerlarni aniqlash va auksion savdolarga chiqarish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish singari qator yo‘nalishlarda belgilangan ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, aholi murojaatlari bilan ishlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalariga joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali hamda joylarda o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida jami 3 ming 521 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarning 1 ming 48 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 2 ming 384 tasiga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi. Masalan, Buloqboshi tumanidagi "Al-Ahil 21 asr" mas’uliyati cheklangan jamiyatining ancha vaqtdan buyon hal bo‘lmay kelayotgan yer uchastkasini xususiylashtirish to‘g‘risidagi davlat orderiga asosan, yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha murojaati belgilangan tartibda o‘rganilib, jamiyatning yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berildi.
Umuman, soha mutaxassislari tomonidan olib borilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari natijasida murojaatlar avvalgi yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.
[gallery-14481]
–Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi hamda tuman, shahar filiallari mutaxassislari tomonidan tegishli boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda joriy yilning o‘tgan davrida 6 ming 654 ta bo‘sh yer uchastkasi mavjudligi aniqlandi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Saydulloxon Saidov. – Aniqlangan bo‘sh yer maydonlari o‘rganilib, ular bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Ana shu bo‘sh yer maydonlaridan 2 ming 859 tasi tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun auksion savdolariga chiqarildi.
Shuningdek, boshqarma mutaxassislari tomonidan ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha 66 mingdan ziyod ariza ko‘rib chiqildi. Arizalar bo‘yicha belgilangan tartiblar doirasida 44 ming 31 ta ko‘chmas mulk davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida 19 ming 375 ta mulkning tegishli hujjatlari to‘liq bo‘lmaganligi va qonunchilikda keltirilgan boshqa sabablar tufayli davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi rad etildi. Ayni kunda 2 ming 344 dan ziyod ko‘chmas mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha murojaatlar belgilangan tartibda o‘rganildi. Hozir ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha jarayonlar ketmoqda.
Umuman, kadastr tizimi mutaxassislari tomonidan kadastr sohasi bilan bog‘liq ishlarni belgilangan tartiblar asosida amalga oshirish, ushbu jarayonda qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan zarur barcha ishlar olib borilmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari