Fuqarolar ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr hujjatlarini vaqtida rasmiylashtirishga jiddiy e’tibor qaratmaganligi sababli ko‘plab muammolarga duch keladi.
Hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar chog‘ida mazkur yo‘nalishdagi murojaatlarning aksariyati ijobiy yechim topayotgani e’tiborlidir. Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Inamov va hududiy boshqarma boshliqlari ishtirokida Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida tashkil qilgan sayyor qabulida fuqarolarning sohaga oid murojaatlari tinglandi. Unda Beshariq, O‘zbekiston va Furqat tumanlaridagi jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, kadastr pasportini rasmiylashtirish, mulkka egalik huquqini olish hamda yerni xususiylashtirishga doir savol va muammolari eshitilib, mutasaddilar tomonidan tegishli yechimlar va huquqiy tushunchalar berildi.
Davlat xizmatlari orqali sohada xizmat ko‘rsatish sifati keskin yaxshilanganini qayd etildi. Beshariq tumani “Beshariq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Kenjaboy ota Qo‘ziyev kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish masalasida muammoga duch kelayotganini bayon qildi. Murojaat joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Sayyor qabul davomida 22 murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shu yerning o‘zida aksariyati hal etildi. Ba’zi murojaatlar ijrosi nazoratga olindi.
M.Sulaymonov, O‘zA