Kadastr sohasida xizmat ko‘rsatish takomillashmoqda
Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi joriy yilda eng namunali davlat xizmatlari markazlari, FHDYO bo‘limi va hamkor tashkilotlarni e’lon qildi. Ularning yil davomidagi faoliyati, xizmat ko‘rsatish sifati, mehnat va ijro intizomi, o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasida aniqlandi.
So‘rovnomalarga ko‘ra, Davlat kadastrlar palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi «Eng namunali hamkor tashkilot» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Ushbu e’tirof sohada faoliyat yuritayotgan fidoyi jamoaning mehnatlari samarasidir. Darhaqiqat keyingi yillarda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kadastr sohasiga qaratilayotgan e’tibor natijasida kadastr faoliyati takomillashdi. Bu borada aholini qiynab kelayotgan ko‘plab muammolarga yechim topilmoqda.
Xususan, o‘tgan 2021 yilda Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Prezidentimiz va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan soha faoliyatini takomillashtirishga doir qabul qilingan qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari va ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr pasportini tayyorlash uchun Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) sayti orqali kelib tushgan 27 ming 529 ta murojaat ijrosi bo‘yicha kadastr pasportlari tayyorlab berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi «Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) sayti orqali kelib tushgan 30 ming 793 ta murojaatlarni ijrosi bo‘yicha yer uchastkasiga va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar, 2 ming 993 ta ko‘chmas mulk bilan bog‘liq tuzilgan bitimlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2019 yil 26 avgustdagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qaroriga asosan tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida xatlovda aniqlangan bo‘sh turgan 11 ming 874 ta 392,24 gektar yer maydonlari aniqlanib, “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan. Shundan 3 ming 672 ta 123,63 gektar yer maydon auksion savdoga qo‘yilgan. Natijada 2 ming 163 ta 94,51 gektar yer maydoni elektron auksion savdo maydonchasi orqali sotilgan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA