Kadastr sohasida oçiq muloqot
Bugungi kunda aholi va tadbirkorlarni yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarni joyiga çiqqan holda örganiş, ularning qonuniy yeçimini topiş va fuqarolar manfaatlarini taʼminlaş davlat idoralari oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Zero, davlat xizmatining samarasi qabul qilinayotgan qarorlar bilangina emas, balki ularning insonlar hayotida qançalik amaliy natija berayotgani bilan ham belgilanadi.
Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyev taşabbusi bilan davlat organlari faoliyatini xalqqa yaqinlaştiriş, rahbarlarning hududlarga çiqib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilişi va murojaatlarga joyida yeçim topişiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yondaşuvning muhim jihati şundaki, fuqaro öz muammosini hal etiş uçun idorama-idora sarson bölmasligi, aksinça, masʼul rahbarlar uning murojaatini tinglab, qonuniy yeçim topişga kömaklaşişi lozim.
Kadastr sohasida ham ana şu tamoyil asosida oçiq muloqotlar va sayyor qabullar izçil taşkil etilmoqda. Kadastr agentligi direktori vazifasini bajaruvçi Sadriddin Turdiyevning Buxoro viloyatidagi navbatdagi sayyor qabuli ham aholi va tadbirkorlarning yer, kadastr hamda köçmas mulk bilan boğliq muammolarini örganiş, ularning huquqiy yeçimini taʼminlaşga qaratildi.
Eʼtiborli jihati şundaki, qabulda nafaqat Buxoro viloyati, balki Xorazm, Navoiy va Toşkent viloyatlaridan kelgan fuqarolar ham iştirok etişdi. Bu esa kadastr sohasidagi ayrim masalalar bir hudud doirasi bilan çeklanib qolmasligi, ularni hal etişda tizimli yondaşuv va masʼul rahbarlarning bevosita iştiroki muhimligini körsatadi.
Oçiq muloqot davomida fuqarolar va tadbirkorlar özlarini uzoq vaqtdan buyon qiynab kelayotgan masalalarni bayon etdilar. Yer uçastkalari, köçmas mulk obʼektlari, kadastr hujjatlarini rasmiylaştiriş va sohadagi boşqa muammolar yuzasidan bildirilgan murojaatlar atrofliça tinglandi.

Muhimi, har bir murojaatga alohida yondaşilib, kötarilgan masalalarni joyida örganişga eʼtibor qaratildi. Ularni hal etiş böyiça masʼullarga tegişli topşiriqlar berildi. Qöşimça örganiş talab etadigan murojaatlar nazoratga olinib, ayrim masalalar yuzasidan fuqarolarga amaldagi qonunçilik talablari asosida huquqiy tuşuntirişlar berildi.
Aslida, sayyor qabullarning ahamiyati faqat murojaatlarni tinglaş yoki topşiriqlar beriş bilan çeklanmaydi. Bunday muloqotlar orqali muammolarning kelib çiqiş sabablarini aniqlaş, tizimdagi kamçiliklarni köriş, davlat xizmatlari körsatiş jarayonida fuqarolar duç kelayotgan tösiqlarni bartaraf etiş imkoni paydo böladi. Ayniqsa, yer va köçmas mulk masalalarida har bir qarorning qonuniyligi, oçiqligi va adolatliligi fuqarolarning mulkiy huquqlarini taʼminlaşda muhim örin tutadi. Şu maʼnoda, kadastr sohasida oçiqlik va şaffoflikni kuçaytiriş, murojaatlarga öz vaqtida munosabat bildiriş, byurokratik tösiqlarni kamaytiriş nafaqat aholi roziligini taʼminlaş, balki tadbirkorlik muhitiga ham ijobiy taʼsir körsatadi. Çunki mulkiy huquqlarning işonçli himoya qilinişi, yer va köçmas mulkka oid hujjatlarning qonuniy rasmiylaştirilişi iqtisodiy faollik uçun ham muhim asosdir.

Buxoroda ötkazilgan uşbu sayyor qabul ham davlat idoralari va fuqarolar örtasidagi muloqotni mustahkamlaş, mavjud muammolarni joyida aniqlaş va ularning qonuniy yeçimini topişga qaratilgan amaliy işlardan biri böldi.
Eng muhimi, xalq bilan muloqot bir martalik tadbir emas, balki doimiy faoliyat mezoniga aylanişi kerak. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila manfaati yoki tadbirkorlik faoliyati bilan boğliq muhim masala turibdi. Ularning öz vaqtida va qonuniy hal etilişi esa davlat idoralariga bölgan işonçni mustahkamlaşning muhim omilidir.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri