Kadastr sohasi rahbarlari jamoatchilik bilan qanday ishlaydi?
Farg‘ona politexnika institutida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasining barcha tuman, shahar filiallari rahbarlari ishtirokida “Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda jamoatchilik bilan aloqalar texnologiyalari” mavzusidagi o‘quv seminari bo‘lib o‘tmoqda. Unda media sohasidagi malakali mutaxassislar tomonidan bilim va amaliy tajribalar berilmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash muhim vazifalardan sanaladi. Xususan, kadastr sohasi xodimlari aholi bilan ko‘proq muloqot qiladi, shuningdek, faoliyatga oid axborotlar barcha uchun zarurdir. Shu bois ham jamoatchilik bilan ishlashda yangicha yondashuvlar asosida faoliyat ko‘rsatishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Mazkur seminarda ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Seminarning ilk kunida tashkilotning media imidjini rivojlantirish, davlat idoralari xodimlarining nutq madaniyatini yuksaltirish, PR tushunchasining ahamiyati va uning tashkilot faoliyatidagi ko‘magi haqida atroflicha tushunchalar berildi.



Shuningdek, seminar kun tartibidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan ishlash vositalari, faktcheking masalalari, inqirozli sharoitda PRning o‘rni, intervyu berish mahorati, ijtimoiy tarmoqlarda kontent tayyorlash mavzulari ham o‘rin oldi. Fikr-mulohazalar, interfaol saboqlar barchada qiziqish uyg‘otdi.
M.Sulaymonov, O‘zA