Sirdaryo viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish va ko‘chmas mulkka oid huquqlarni aniqlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar samarali natijalarni bermoqda. Joriy yilning yanvar-mart oylari mobaynida viloyatda 5 942 ta kadastr pasporti rasmiylashtirildi.
Davlat kadastrlari palatasi Sirdaryo viloyat boshqarmasidan ma’lum qilishicha, ushbu natijalar Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirildi. Shu davr mobaynida hududiy filiallarga jami 9 468 ta ariza kelib tushgan.
– Ilgari yer uchastkalari, bino va inshootlar bo‘yicha guvohnomalar alohida hujjat sifatida taqdim etilardi. Hozir esa barcha ma’lumotlar kadastr yig‘majildiga jamlanib, natijada mulkdorlarga yagona shaklda kadastr pasporti berilyapti, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi rahbari Bekzod Rajabov.
E’tiborli tomoni, endilikda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi guvohnomalar bekor qilingan bo‘lib, ularning o‘rnini davlat reyestridan olinadigan ko‘chirma egallagan. Bu esa davlat xizmatlarining samaradorligini oshirib, jarayonlarni ancha soddalashtirdi.
Kadastr pasportini rasmiylashtirish muddati ham qisqardi: uy-joylarga oid kadastr pasporti 3 kundan 10 kungacha tayyorlanadi, mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish esa 2 ish kunida amalga oshirilmoqda.
Hududlar bo‘yicha olib qaralganda Guliston va Yangiyer shaharlari hamda Sirdaryo tumani peshqadamlar qatorida. Ushbu hududlarda joriy yilning birinchi choragida 2 415 ta kadastr pasporti shakllantirilgan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri