Ma’lumki, yer – umummilliy boyligimiz va eng muhim tabiiy resurslardan biri. Shu sababli ham bu ne’matdan samarali va belgilangan maqsadlarda oqilona foydalanish hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi.
Mamlakatimizda boshqa sohalar qatori Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi faoliyati ham sezilarli isloh qilindi. Mazkur tizimdagi yangilik va o‘zgarishlar haqida Davlat kadastrlari palatasi raisi Mohir Valiyev bilan suhbatlashdik.
–Qayd etish mumkinki, kadastr, ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va yerlarni hususiylashtirish bo‘yicha o‘tgan o‘tgan yil islohotlar davri bo‘ldi. Raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, davlat organlari va tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmalariga asosan ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr yig‘majildini (pasportini) tayyorlash muvofiqlashtirilganda, ko‘chmas mulk bazasidagi ob’ektlar soni 218 ming 351 taga o‘sgan. Bunga jismoniy shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlari, yakka tartibdagi turar joylar, noturar joylar, ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar kiradi.
Yuridik shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlari jami 37 ming 413 tani tashkil etib, shundan yakka tartibdagi turar joylar 2 ming 853 ta, noturar joylar 30 ming 104 ta, ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar 4 ming 456 taga o‘sganligini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Soliq qo‘mitasi hamda “Elektron hukumat” idoralararo integrasiyalashuv platformasiga ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron ravishda integrasiya yo‘li orqali (onlayn) taqdim etib borish yo‘lga qo‘yildi
Shu o‘rinda qayd etish muhimki, Kadastr pasporti shakllanishida muddatlar sezilarli qisqartirildi, jumladan, kadastr yig‘ma jildini tayyorlashga ketadigan vaqt sarfi 4 - 20 kungacha qisqargan.
Yana bir muhim asosiy tadbir – Jahon banki loyihasi doirasida O‘zbekistonda ilk bor yangi integratsiyalashgan axborot tizimi ishga tushirilgan. Bu – Milliy geoaxborot tizimi – Uzkad deb ataladi.
Ushbu tizim orqali bugungi kunda Davlat kadastrlari palatasi tomonidan 8 ta yer fondi toifalari bo‘yicha yer egalari va yerdan foydalanuvchilar yer maydonlari, chizmasi va yer chegarasi axborot tizimiga kiritilib, hisobga olingan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmoqda. Respublikaning jami 44,9 million gektar yer maydonidan 41,8 million gektari 93 foizi axborot tizimiga kiritildi.
Shuningdek, yil mobaynida aholi va fuqarolar manfaati uchun dehqon xo‘jaliklari uchun yer maydonlari ajratish ishlari amalga oshirilgan.
2022 yil davomida dehqon xo‘jaligi yuritish uchun tanlov g‘olibi bo‘lgan 422 ming 704 nafar fuqaroga dehqon xo‘jaligi uchun 94 ming 70 gektar yer maydoni ajratildi hamda Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari tomonidan tanlov g‘olibi bo‘lgan fuqarolarning auksion g‘oliblik bayonnomalari bepul davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
–Hozirgi kunda yerlarni hususiylashtirish masalasi har bir fuqaroni qiziqtirmoqda. Shu xususda ham to‘xtalib o‘tsangiz.
–Fuqarolar va yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirishga bo‘lgan o‘z huquqlarini o‘z ixtiyoriga ko‘ra hamda o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiradi. Yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi. Qarorning afzallik tomonlari shundaki, yer uchastkasiga mulk huquqi belgilangandan so‘ng yer uchastkasi mulkdordan faqat sotib olinishi mumkin bo‘ladi.
Agar fuqaro yer uchastkasini berishni, sotishni xohlamasa, ushbu yer uchastkasi davlat tomonidan ham olib qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zining yer uchastkasining bir qismini begonalashtirmoqchi bo‘lganda faqat bino va inshoot qismini sotish bilan amalga oshirishi mumkin bo‘lgan. Agar yer uchastkasi mulk huquqi asosida tegishli bo‘lsa, unda yer uchastkasining o‘zini ham sotish imkoni bo‘ladi.
Endi raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevraldagi 71-son qaroriga asosan, tadbirkorlik faoliyati uchun kadastr idoralari tomonidan 90 ming 1 ta 5 741,1 gektar yer uchastkalari “YERELEKTRON” tizimiga kiritildi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan “Yerxususiylashtirish” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga jami 30 ming 414 ta 5 977,2 gektar yer maydonlarini xususiylashtirish yuzasidan arizalar kelib tushgan. Shuningdek, Davlat kadastrlari yagona tizimiga 2022 yil davomida vazirlik va idoralar tomonidan jami 261 ming 356 dona 81 ming 830 km bo‘lgan 8 million 60 ming 406 gektar ob’ektlar kiritilgan.
Yana bir rivojlanish sari qo‘yilgan salmoqli qadamlardan biri – sohani raqamlashtirish uchun zarur bo‘lgan yirik doimiy xotiraga ega (1 100 terabayt) “Ma’lumotlar markazi” ishga tushirildi.
Buning natijasida yuridik va jismoniy shaxslar uchun davlat idoralariga bormasdan ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan masofadan turib bemalol foydalanish imkoniyatini yaratish bo‘yicha alohida ishlar olib borildi.
Jumladan, map.geoportal.uz sayti orqali ma’lumot olish imkoniyati va Jahon banki bilan hamkorlikda “Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish” integrasiyalashgan axborot tizimi yaratildi.
–Ushbu yilda Davlat kadastrlari palatasi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari, rejalari qanday?
– 2023 yil 1 yanvardan boshlab Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi — UzKad ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri hamda ko‘chmas mulk ob’ektlari haqidagi ma’lumotlar yuritiladigan, ma’lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi etib belgilandi. Shunga asosan birinchi bosqichda barcha boshqa tizimlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan noturar joy toifasidagi ko‘chmas mulk ob’ektlarini UzKad tizimiga o‘tkazish, undan so‘ng qolgan ko‘chmas mulk ob’ektlarini ham ushbu tizimda xisobga olinishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishini to‘liq joriy etish rejalashtirilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA