bugungi kunda respublikamizning aksariyat qishloqlarida yashovchi fuqarolar xonadonlarining kadastr hujjatlari yo‘q yoki to‘liq emas. Vaqtida xonadonlariga tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirmagani bois xonadonlarga tegishli yoki yerga tegishli hujjatlar ham yo‘qolib ketgan.
Turar joy kadastri masalasidagi muammolar xususida Kadastr agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Alimjon Maxarov quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Turar joy kadastri masalasidagi muammolar hamma joyda ham uchrab turibdi, – dedi Alimdjan Maxarov. – Ustiga-ustak Kadastr hujjatiga ega bo‘lmagan fuqarolar imtiyoz va imkoniyatlaridan foydalanib tomorqa uchun kredit, qurilish ishlariga subsidiya, uy-joyini kengaytirishga ipoteka kreditlarini ololmayapti. Oqibatda Prezidentimizning joylardagi Xalq qabulxonalari, mahalliy hokimliklar, daxldor muassasalarda juda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Yana shuni ta’kidlash joizki kadastr hujjati bo‘lmagan uchun yer solig‘i 3 karra oshirilgan miqdorda to‘lashdi. Hozirgi ijtimoiy tarmoqlarda ham “oh-u voh” qilayotganlar xam yo‘q emas.
Kadastr agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan 2022 yilning o‘tgan 8 oyi davomida 774 ta holatda 26,63 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va kadastr hujjatiga ega emasligi aniqlandi. Shu bilan bir qatorda qonun buzilish holatlarini sodir etgan huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddalari bilan 2500 ta ishlar yuritilib ularga nisbatan 3 milliardga yaqin jarima qo‘llanildi.
Xonadonlarining hanuz kadastr hujjatini rasmiylashtirmagan aholi o‘rtasida o‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, noqonuniy ravishda yerni egallagan imorat qurgan ayrim shaxslar qonunchilikda belgilanmagan “haqqi”ni talab qilishga urinmoqda. Holbuki ularda na yerga na mulkka nisbatan huquqni belgilovchi hujjat bor. Bu esa fuqaroga shu yerni tassaruf etish yoki boshqacha tarzda meros qilib qoldirish huquqini bermaydi.
Kadastr hujjatlarining afzallik tomonlari shundaki, Kadastr hujjati aholiga davlat tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalar uchun kerak bo‘ladi. Jumladan, xonadonlarga ijaraga berish, bankdan kredit olish, uy-joy oldi-sotdisi, noqonuniy yer egallab olish holatlarini bartaraf etish, doimiy va vaqtinchalik propiskaga qo‘yish hamda kommunal xizmatlar sohasida to‘lovlar uchun kadastr pasportini o‘rni juda muhim.
Joriy yilning 18 iyul kuni Prezidentmiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ushbu muammoga to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanishicha respublikamiz bo‘yicha 2 million 600 mingta aholi xonadonlarining kadastr hujjati mavjud emas. Ushbu videoselektrdan so‘ng Kadastr hodimlari tomonidan mahallabay kadastr hujjati bo‘lmagan xonadonlarning elektron ro‘yxatini shakllantirish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha ishchi guruhlari tashkillashtirilib, amaliy ishga kirishilgan. Ishchi guruh joriy yilning 1 oktyabriga qadar uyma-uy yurib, Fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etishga asos bo‘luvchi hujjatlarni to‘plab, maxsus elektron bazaga kiritish ishlarini olib bormoqda.
Shuningdek, ishchi guruhlar zimmasiga mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda joylarda yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirishdagi muammolarni aniqlash, batafsil o‘rganish, natijalarini umumlashtirish hamda ularning qonuniy yechimlarini topish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Tan olish kerak mamlakatimizdagi mavjud qonunchilik doirasida yerga mulk sifatida qarashga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Bu nma degani? Ilgari yerni sotish uchun avval bino qurilishi, atrofini devor bilan o‘rashi keyin sotishi kerak bo‘lgan. Endilikda davlat tomonidan fuqarolarga yana bir imkoniyat yaratildi. ya’ni qonunda ko‘rsatilgan hollarda ayrim turdagi yer uchastkalarini hususiylashtirishga ruxsat berildi. Belgilangan tartibda hususiylashtiriladigan yerlar mulk sifatida e’tirof etiladi va uni ob’ekt sifatida sotish mumkin bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA