Kabar: O‘zbekistonning yangi iqtisodiy kun tartibi
Qirg‘izistonning “Kabar” axborot agentligi O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar yangi bosqichi va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida tahliliy maqolani e’lon qildi.
Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xiva shahrida tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti 2021-yilda boshlangan ushbu formatning yangi bosqichini belgilagan. Ayni paytda mamlakatda 1,2 millionga yaqin tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. So‘nggi besh yilda tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar asosida 84 ta qonun hamda Prezidentning 861 ta farmon va qarorlari qabul qilingan.
Maqolada biznesni moliyalashtirish, sun’iy intellektni joriy etish, eksport salohiyatini oshirish va ma’muriy bosimni kamaytirish yangi iqtisodiy kun tartibining asosiy yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatilgan. “Business Start”, “Business Lift” va “Business Rise” dasturlari, shuningdek, tadbirkorlarga bank takliflarini solishtirish imkonini beruvchi raqamli kredit portali va kafolatlash mexanizmini joriy etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 180 milliard dollardan oshirish va eksportni 40 milliard dollardan yuqori darajaga yetkazishni maqsad qilgani alohida qayd etilgan. Maqolada bu vazifalarni amalga oshirish samarali ijro, investitsiya, raqobat muhiti, zamonaviy texnologiyalar va inson kapitalini rivojlantirishga bog‘liq ekani ta’kidlangan.
D.HAKIMOV,
O‘zA